Tashrif davomida Samarqand shahridagi Yoshlar ijodi saroyida viloyat tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad — tizimli masalalarni muhokama va tahlil qilish hamda masʼul tuzilmalarni jalb qilgan holda ishbilarmonlar muammolarini tezkor hal qilish.
Tadbirda ishtirok etgan 200 dan ortiq tadbirkorlar investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish va eksportga yetkazib berish jarayonida duch kelayotgan masalalarni koʻtarib chiqish imkoniga ega boʻldi.
Muhokama davomida hududdagi tadbirkorlar asosan ishlab chiqarishni kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yoki aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kredit mablagʻlarini ajratish, ruxsatnomalar, sertifikatlar va litsenziyalar olish, muhandislik kommunikatsiyalarga ulanish, shuningdek, yer ajratish bilan bogʻliq muammolarga duch kelishlari aniq boʻldi.
Koʻtarilgan har bir masala Komissiya aʼzolari tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida har tomonlama koʻrib chiqildi. Har bir muammoni amaliy hal qilish mexanizmlari ishlab chiqilib, tegishli rahbarlarga ijro etish muddatlari aniq belgilangan holda manzilli koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan zudlik bilan zarur choralar koʻrish maqsadida tadbirkorlar bilan hamkorlikni faollashtirish topshirildi.
Uchrashuv yakunida mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlar va eksportchilarning muammolarini hal qilish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi. Komissiya topshiriqlarining bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.