Samarqand viloyatida yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi

    Energetika 24 May 2022 813

    Samarqand viloyatining Nurobod tumanida qurilgan, quvvati 100 megavattga teng boʻlgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi bugun, 24-may kuni Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga quvvat uzatishni boshladi.

    Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

    Taʼkidlanishicha, bu elektr stansiya yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.

    Shuningdek, stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilarning chiqishi oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini oʻn kun davomida tabiiy gaz bilan taʼminlash mumkin.

    Ahamiyatlisi, qurilish davomida 400 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritgan boʻlsa, loyiha ishga tushishi natijasida 25 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Umumiy qiymati 100 million dollariga teng mazkur loyiha Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

    Taʼkidlash lozimki, mazkur stansiya Oʻzbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanib, aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi.

    Eslatib oʻtamiz, ushbu investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2020-yil 13-maydagi PQ-4712-son qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

    Maʼlumot uchun: 2023-yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 megavatt boʻlgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.