Samarqand viloyatidagi oʻrmon xoʻjaligida yongʻin kelib chiqdi

    Hodisa oqibatida tabiatga jami 1 milliard 884 million 675 ming soʻm miqdorida zarar yetgan.

    Samarqand viloyatidagi oʻrmon xoʻjaligining 10 gektar maydoni yonib ketdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasiga Kattaqoʻrgʻon davlat oʻrmon xoʻjaligi oʻrmon fondi hududining maʼlum qismi yoqib yuborilgani haqida murojaat tushgan.

    Shunga koʻra, holat boshqarma xodimlari, tuman hokimligi, prokuratura va masʼullar ishtirokida joyiga chiqqan holda oʻrganilgan. Unda oʻrmon xoʻjaligi hududining 10,5 gektar maydonida yongʻin boʻlgani hamda 7,4 gektar yer maydoni yongʻindan zararlangani aniqlangan.

    Oʻrganish davomida yongʻin sodir boʻlgan 10,5 gektar yer maydonidagi manzarali daraxtlar xatlovdan oʻtkazilgan. Natijada 7,4 gektar yer maydonidagi 116 tup jiyda, 5 tup tol hamda 49 580 tup yulgʻun butalari shikastlangani maʼlum boʻlgan.

    Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tabiatga jami 1 milliard 884 million 675 ming soʻm miqdorida zarar yetgan. Shu asosda toʻplangan hujjatlar holatga qonuniy baho berish uchun prokuratura organlariga taqdim etilgan.