Rekord oyda yoʻlovchilar tashishning yuqori darajasi aynan xalqaro yoʻnalishlarda kuzatilmoqda. Eng talabgor parvozlarga Samarqanddan Moskva, Istanbul, Sankt-Peterburg, Abu-Dabi va Dubayga qatnaydigan reyslar kirdi. Ushbu aviaqatnovlardan foydalangan yoʻlovchilarning umumiy soni 92 184 kishini tashkil etdi (2022-yil sentyabriga nisbatan +172,7%).
Mahalliy havo yoʻllarida sentyabr oyidagi yoʻlovchi tashish hajmi 9 173 yoʻlovchini tashkil etdi (2022-yil sentyabrga nisbatan +125,6 %). Toshkent - eng koʻp foydalaniladigan mahalliy yoʻnalishga aylandi.
Taʼkidlash joizki, Samarqand xalqaro aeroporti 2023-yilning birinchi uch choragida 715 132 yoʻlovchini qabul qildi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 123,3% yoki 394 818 kishiga koʻpdir. Aeroportning tarixida bunday koʻrsatkichlar umuman qayd etilmagan. Ijobiy rivojlanish amaldagi tashuvchilarning reyslari sonining koʻpayishi va yangi hamkorlarni jalb qilish bilan bogʻliq.
2023-yil boshidan buyon Samarqand xalqaro aeroporti marshrut tarmogʻini kengaytirib, atigi 9 oy ichida Samarqanddan 7 ta ichki va 19 ta xalqaro yoʻnalishlarda parvozlar amalga oshirildi. Ulardan Tel-Aviv, Jidda, Quvayt, Mineralniye Vodi, Ufa va Samara, Madina ilk bora yoʻlga qoʻyildi.
Aytish joizki, AIR MARAKANDA asosiy strategik yoʻnalishlarga, xususan: xalqaro aviatsiya xavfsizligi talablariga rioya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qoʻshadigan chora-tadbirlarni amalga oshirish, aeroport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni yaxshilashga alohida eʼtibor beradi.