Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan mazkur loyiha viloyat hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Dunyoning Olma-ota, Dushanbe, Bishkek, Ganj kabi 50 dan ortiq shahri ishtirok etayotgan “Yashil shahar” loyihasini amalga oshirishdan maqsad mazkur shaharlardagi ekologiya va atrof-muhit muammolarini bartaraf etish uchun xorijiy sarmoya kiritish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishdan iborat.
Mazkur loyiha konsepsiyasi oʻtgan hafta viloyat va Samarqand shahar hokimligining Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki boshqaruvchi direktori Jujjana Xargitay boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirokidagi uchrashuvda taqdim etildi.
Imzolangan memorandum doirasida Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya, yoʻl-transport tizimini yaxshilashni oʻz ichiga olgan loyihaning chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, shaharda YETTB mablagʻlari hisobidan yoritish tizimlari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi. Yaqin 15 yilga moʻljallangan ushbu harakatlar rejasi xalqaro va mahalliy maslahatchilar guruhi tomonidan asosiy ekologik va atrof-muhit muammolarini tahlil qilish va baholash natijalari asosida tayyorlangan.
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki yashil iqtisodiyot dasturlarini moliyalashtirish uchun 5 milliard yevrodan ortiq mablagʻ ajratgan. Mazkur dastur Samarqand shahrining strategik maqsadlari, ekologik muammolarini hal etish, sarmoya jalb etish chora-tadbirlarini belgilashga xizmat qiladi.
- “Yashil shahar” loyihasiga Samarqand ham tanlab olingani xalqaro turizm markaziga aylanishi kutilayotgan shahrimiz uchun ayni muddao boʻldi, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Akobir Ashurov. - Ushbu dastur boʻyicha Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan 350 dona elektrobus olib kelish rejalashtirilgan. Hozirda 100 dona elektrobus xarid qilish yuzasidan xalqaro tender jarayonlari boʻlib oʻtmoqda. Joriy yilning may oyida dastlabki 6 ta elektrobus shahrimizga olib kelinib, sinov tariqasida asosiy yoʻnalishlarga chiqariladi. Shuningdek, Qozogʻiston, Rossiya va Turkiya davlatlaridan kelgan mutaxassislar shahrimiz koʻchalarini oʻrganib, yoʻl infratuzilmasi va landshafti, svetofor, videokamera, bankomat va bekatlar joylashuvi hamda dizayni kabi masalalarda yaqindan yordam berishmoqda.
Mazkur loyihalarni amalga oshirishda samarqandliklarning fikrlari inobatga olinadi. Buning uchun fuqarolar bilan oʻzaro hamkorlik qilish maqsadida ular oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazilib, Samarqand shahrini eng chiroyli va yashil maskanga aylantirish uchun nima qilish zarurligi haqidagi tavsiya va gʻoyalar berishlari taklif qilinadi. Onlayn soʻrovnoma joriy yilning aprel oyida oʻtkaziladi, may oyida esa soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari uchun seminar tashkil etiladi.
- Loyiha doirasida shahrimizni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, bogʻ va xiyobonlar yaratish maqsadida katta mablagʻ ajratish rejalashtirilgan, - deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Yunus Bobonazarov. - Shuningdek, bir qator mahallalarni kesib oʻtgan ariq va kollektorlar taʼmirlanib, yuzlab xonadonlar oqova tarmoqlariga ulanadi. Shuningdek, markaziy yoʻl va koʻchalarning oʻrtasida gulzor tashkil etilib, xorijdan keltirilgan mevali daraxt koʻchatlari oʻtqaziladi. Koʻcha chiroqlarini elektr tarmoqlaridan ajratib, quyosh panellariga oʻtkazish koʻzda tutilgan. Ayni paytda mutaxassislarimiz bilan loyiha uchun takliflarni oʻrganib chiqyapmiz.
Bir necha bosqichda amalga oshiriladigan loyiha ishlari “AYECOM” (AQSH) kompaniyasi rahbarligidagi bir guruh xalqaro va mahalliy mutaxassislar tomonidan shaharning barcha ekologik muammolari oʻrganib chiqilgach, boshlanadi.