U oʻz arizasida 2020-yilning yanvar oyida Urgut tumanida yashovchi tanishi U.Sh. uni Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasida yuqori lavozimda ishlovchi “L.” ismli tanishi orqali Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirishini aytib, 2020-yilning yanvar oyidan iyul oyining oxiriga qadar boʻlib-boʻlib jami 27.200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib olib, uni ishga kiritmasdan yana 300 AQSH dollari berishini soʻrab kelayotganligini maʼlum qilib, U.Sh. va “L.” ismli shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishini soʻragan.
Arizaga asosan, 2020-yil 17-avgust kuni soat 15:00 larda Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi, Kattaqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi va Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, 1998-yilda tugʻilgan, Urgut shahrida yashovchi U.Sh. ariza muallifi S.B.dan 300 (uch yuz) AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha U.Sh. hech qanday “L.” ismli shaxsni bilmasligi, S.B.ning pulini qoʻlga kiritish maqsadida oʻzini ovozini oʻzgartirib, unga oʻzini “L.” deb tanishtirib, boshqa raqam orqali telefonda gaplashib kelgan. S.B.ni Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritaman deb, aldov yoʻli bilan, 27.200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni qoʻlga kiritib, oʻzining shaxsiy ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Samaqand viloyati IIB axborot xizmati.