Samarqandda fuqaro koʻp qavatli uyning yuqori qismiga “basseyn” qurdi

    Samarqand shahridagi koʻp qavatli uyning pentxaus qismida oʻzboshimchalik bilan basseyn qurilgani aniqlandi.

    Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Aholi murojaatiga asosan oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida Samarqand shahri “Sugʻdiyona” mahallasidagi 67-A sonli koʻp qavatli uyning 10-qavat pentxaus qismida oʻzboshimchalik bilan “basseyn” qurilgani aniqlandi.

    Qayd etilishicha, ushbu qurilma koʻp qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan va seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, uyning mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin.

    Inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan MJtKning 159-moddasiga asosan maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi va noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berildi.

    Berilgan vaqt ichida mulkdor holatni oʻz ixtiyori bilan bartaraf qilib, oldingi holatiga qaytarmasa, unga nisbatan tegishli tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga davo arizasi kiritilishi tushuntirilgan.