Unda Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, shuningdek, sammitda ishtirok etayotgan birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi markazda maktabgacha taʼlim, korreksion-pedagogik yordam va kompleks reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Har bir bola uchun uning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib, alohida dastur ishlab chiqiladi. Ota-onalar esa farzandlari egallagan koʻnikmalarni uy sharoitida mustahkamlash boʻyicha mutaxassislardan tavsiyalar oladi.

Markazning maktabgacha taʼlim boʻlimi 150 oʻringa moʻljallangan boʻlib, 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun 10 ta ixtisoslashtirilgan guruhni oʻz ichiga oladi. Ambulator boʻlimda esa 2 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oyiga qariyb 100 nafar bola reabilitatsiya kurslaridan oʻtishi mumkin.

Bu yerda davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish, sensor integratsiya mashgʻulotlari, fizioterapiya hamda boshqa muolajalar oʻtkaziladi. Markazda yetti yoʻnalishdagi shifokorlar, defektolog-pedagoglar, logopedlar, psixologlar, reabilitatsiya mutaxassislari va boshqa xodimlar faoliyat yuritadi.

Samarqanddagi markaz Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshondagi muassasalarni birlashtirgan «IMKON» tarmogʻining yangi boʻgʻini boʻldi.

2025-yilda tarmoq muassasalarida 546 mingdan ortiq muolaja va mashgʻulot oʻtkazilgan, 3 777 nafar bola ambulator reabilitatsiyadan oʻtgan.

Tarmoqni kengaytirish ishlari ham davom etmoqda. Xususan, Fargʻonada markaz qurilishi boshlangan. Namangan va Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham shunday muassasalar barpo etish rejalashtirilgan.