Ziroat Mirziyoyeva COP29 ishtirokchilarini yoshlarning iqlimga oid tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi

    Oʻzbekiston sammitda oliy darajada qatnashmoqda.

    Bugun, 12-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva joriy yilning iqlim siyosati va barqaror rivojlanish sohasidagi asosiy voqeasining qator tadbirlarida ishtirok etmoqda.

    Sammit doirasida «Yoshlarning iqlim oʻzgarishi boʻyicha harakatlardagi yetakchiligi « mavzusida forum boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston va Ozarbayjon hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Ozarbayjon Birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdogʻan, Qirgʻiziston Birinchi xonimi Oygul Japarova ishtirok etdi. Shuningdek, Qozogʻiston, Tojikiston, Vengriya, BMT tuzilmalari va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, mazkur mamlakatlarning yosh ekofaollari qatnashdi.

    Uchrashuv avvalida mehmonlar mamlakatlarimiz ekofaollari tomonidan ishlab chiqilgan “Indivisible” («Boʻlinmas«) badiiy installyatsiyasi bilan tanishdi boshlandi. Panno quroq texnikasida ishlangan boʻlib, undagi har bir mato parchasi mamlakatlar uchun noyob boʻlgan va yoʻqolib borayotgan oʻsimlikni anglatadi. Tabiiy merosni asrab-avaylashga daʼvat etuvchi ushbu loyiha tabiat va insoniyat boʻlinmasligini yodga soladi.

    Oʻzbekiston Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva oʻz nutqida qardosh Ozarbayjon hukumati va xalqini SOR-29 yuksak saviyada tashkil etilgani bilan tabrikladi, shuningdek, Haydar Aliyev jamgʻarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan qoʻshma forumni shaxsan qoʻllab-quvvatlagani uchun Birinchi vitse-prezident, Birinchi xonim Mehribon Aliyevaga minnatdorlik bildirdi.

    Iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlaridan yosh avlod – goʻdaklar, bolalar va oʻsmirlar hayotiga katta taʼsir koʻrsatayotgani, ularning millionlab tengdoshlari tabiiy ofatlardan, qurgʻoqchilikdan, suv va oziq-ovqat tanqisligidan har kuni aziyat chekayotgani qayd etildi.

    — Bu hodisalarga qarshi kurashni yosh avlodsiz, uning ongli va faol ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ushbu nufuzli minbardan turib, bugun Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar yoshlari ham mana shu global harakatning ajralmas qismi sifatida shakllanayotganini qayd etish menga katta faxr bagʻishlaydi, — dedi Ziroat Mirziyoyeva.

    Mamlakatimizning Birinchi xonimi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha oʻz fikrlari bilan boʻlishdi.

    Yoshlarimizning iqlim sohasidagi bilimlarini yanada oshirish maqsadida maʼrifiy tadbirlar va “yashil« kontentni kengaytirish, yosh avlod vakillari bilan tizimli va muntazam «iqlim muloqoti”ni oʻrnatish, shuningdek, farzandlarimizning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish imkoniyatlarini ekologik startaplarni ragʻbatlantirish va sunʼiy intellektdan foydalanish orqali kengaytirish shular jumlasidan.

    Ziroat Mirziyoyeva soʻzining yakunida yigit-qizlarga murojaat qilib, shunday dedi: « Bugun siz iqlim oʻzgarishi boʻyicha harakatning oldingi safidasiz. Sizning qatʼiy shijoatingiz, yangi gʻoyalar va tashabbuslaringiz hammamizni umumiy maqsad sari yanada birlashtiradi. Shuni bilingki, sizning faolligingiz, saʼy-harakatlaringiz hayotimizni, Yer sayyorasi atalmish umumiy makonimizni albatta oʻzgartiradi«.

    Tadbir davomida Oʻzbekiston, Vengriya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkiya, Qirgʻiziston va Qozogʻiston ekofaollari hukumatlarni yosh avlodning iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga chaqiruvchi bayonot bilan chiqdilar.

    Shuningdek, yoshlar mintaqaviy, shu jumladan Oʻzbekistonda oʻtkazilgan ekologik oromgohlar davomida ishlab chiqilgan iqlimga oid tashabbuslarini taqdimot qildilar.

    Asosiy takliflar — Xalqaro maslahat qoʻmitasini tuzish, bilim almashish, mintaqaviy va milliy iqlimga oid loyihalarni muvofiqlashtirish uchun maydon boʻlib xizmat qiladigan raqamli platforma yaratish, shuningdek, barqaror rivojlanishni ilgari surish va yoshlar oʻrtasida ekologik savodxonlikni oshirishga qaratilgan “Young Climate Champions” xalqaro ekofaollar hamjamiyatini tashkil etish.

    «Transchegaraviy ekotizimlar« loyihasi transchegaraviy tabiat obyektlari — qoʻriqxonalar, daryolar va hayvonlarning migratsiya yoʻnalishlarini asrash boʻyicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

    Ekofaollar vizual kontent, shu jumladan VR-videolavhalardan iborat interfaol oʻquv xaritasini namoyish etdilar.

    Ushbu tashabbuslarning barchasi real hayotga koʻchmoqda, ularni barqaror amalga oshirish uchun davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yosh ekofaollar, tadbirkorlar, olimlar va ekspertlardan iborat Ekologik kun tartibi boʻyicha maslahat qoʻmitasi tashkil etildi.

    Qoʻmita qarorlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Vengriya va Turkiyaning yoshlar ishlari, ekologiya va taʼlim vazirlaridan iborat nufuzli Vasiylik kengashi tuzildi.

    Maslahat qoʻmitasi bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan yangi Butunjahon yoshlar ofisida faoliyat yuritadi. Mazkur ofis huzurida global miqyosda yoshlar tashabbuslari va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ham ish olib boradi.

    Forumning asosiy voqeasi Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkiya tomonidan 2024-2030-yillarda Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish boʻyicha xalqaro strategiyaning imzolanishi boʻldi.

    Yosh ekofaollarning tavsiyalariga asoslangan ushbu hujjat iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish masalalarida davlat organlari, taʼlim muassasalari, jamoat va ilmiy tashkilotlar, bolalar va yoshlar oʻrtasidagi samarali hamkorlik uchun global zamin yaratishga qaratilgan. Strategiya yosh avlodning ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga, jumladan, ekologik taʼlim va «yashil« koʻnikmalarni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.


    No date selected
    dekabr, 2024
    1
    2
    3
    4
    5
    6
    7
    8
    9
    10
    11
    12
    13
    14
    15
    16
    17
    18
    19
    20
    21
    22
    23
    24
    25
    26
    27
    28
    29
    30
    31
    Use cursor keys to navigate calendar dates