Samarqandda “Matonat” filmining premyerasi boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 9 May 2021 1840

    Kinematografiya agentligi tomonidan tashkil etilgan Kinokarvon guruhi 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Samarqand viloyat hokimligiga tashrif buyurdi va kinoijodkorlar ishtirokida tadbir tashkil etildi.

    Mazkur tadbirda Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov soʻzga chiqishib, oʻzaro hamkorlikda qilinayotgan ishlarga toʻxtalishdi.

    Taniqli kinossenarist va rejissyor Ali Hamroyev oʻz badiiy rahbarligida yosh kinorejissyorlar tomonidan suratga olingan “Unutilmas qahramonlar” turkum hujjatli filmlarini taqdimotini oʻtkazdi.

    Ikkinchi jahon urushi gʻalabasining 75 yilligi munosabati bilan suratga olingan “Ilhaq” badiiy filmi rejissyori Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat hodimi Jahongir Ahmedov hamda film ijodkorlari ham ishtirok etishdi.

    Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov hamda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan tarixda Samarqand amiri boʻlgan mard sarkarda Bahodir Yalangtoʻsh haqida badiiy filmni suratga olish boʻyicha viloyat hokimligi va Kinematografiya agentligi oʻrtasida memorandum imzolandi.

    Shundan soʻng, kinorejissyor Shuhrat Mahmudovning “Matonat” filmi ijodkorlari tanishtirildi. Mazkur hujjatli film Agentlik va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida suratga olingan. Unda ikkinchi jahon urushi yillarida nemis fashistlarining Gollandiyadagi konslagerida qaxramonlarcha halok boʻlgan 101 oʻzbek askarlari haqida hikoya qilinadi. Tadbir yakunida “Matonat” hujjatli filmi premyera qilindi.

    Mazkur filmni bugun yurtimiz telekanallari va ijtimoiy tarmoqlarda tomosha qilishingiz mumkin.

    Kinematografiya agentligi Axborot xizmati