Samarqandda “Men bu dunyoga sigʻmasman” nomli turk seriali suratga olinmoqda

    Joriy yilning 29-iyun kuni Samarqandda turkiyalik kinoijodkorlar tomonidan “Men bu dunyoga sigʻmasman” seriali ustida ish boshlandi. Serial syujetiga koʻra, bosh qahramonlarning hayotidagi muhim voqealarning bir qismi Oʻzbekistonda yuz beradi.

    Film rejissyori Onur Tan. Serialda bosh rollarni mashhur turk aktyorlari Oktay Kaynarja va Pelin Akil ijro etmoqda. Serial butun hayotini xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashga bagʻishlagan maxsus xizmat agentining ogʻir taqdiri haqida hikoya qiladi. Bosh qahramon umidsiz vaziyatga tushgach, oʻlimini soxtalashtirib, Oʻzbekistonga koʻchib oʻtadi va u erda yangi doʻstlar orttiradi.

    Serial ijodkorlari Samarqandning eng goʻzal tarixiy maskanlarini koʻp millionli tomoshabinga namoyish etishni rejalashtirgan.

    — Film mamlakatimizda, xususan, Samarqand shahrida suratga olinayotganidan mamnunmiz. Shahar koʻplab meʼmoriy obidalar va goʻzalliklarga boy. Suratga olish ishlarining birinchi kuni Registon maydoni va Ulugʻbek madrasasida boʻlib oʻtadi. Agar serial dunyoning 100 dan ortiq davlatida namoyish etilsa, bu Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatiga taʼsir etish bilan birga, jahon kinoijodkorlarida ham ko-produksiyalar yaratish boʻyicha katta qiziqish uygʻotadi, — dedi Kinematografiya agentligi rahbari.