Samarqandda “Oʻzbekiston xazinalari” filmi suratga olinmoqda

    Mazkur film “National Geographic” telekanali orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan.

    Buyuk Britaniyaning “SandStone Productions Ltd” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonning boy madaniy va tarixiy merosini jahon jamoatchiligiga tanitish maqsadida “Oʻzbekiston xazinalari” nomli hujjatli film ishlab chiqilmoqda.

    Mazkur film “National Geographic” telekanali orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan.

    Taniqli tarixchi va teleboshlovchi Bettani Xyuz rahbarligidagi ijodiy jamoa tasvirga olish ishlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida boshlab, hozirda Samarqand shahrida davom ettirmoqda.

    Ijodiy guruh viloyatimizning yuksak turizm salohiyati, betakror tarixiy obidalari, milliy anʼanalari hamda madaniy meros obyektlarini ekran orqali namoyish etishni maqsad qilgan.

    — Samarqand boy tarixga ega shahar, — deydi Bettani Xyuz. — Xususan, Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi kabi maskanlar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun insoniyat merosining muhim qismi sanaladi.