Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida bu haqda maʼlumot berildi.
Tadbirda taʼkidlangandik, “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-avgustdagi “2021-yil paxta hosilini uyushqoqlik bilan nes-nobud qilmasdan oʻz vaqtida va sifatli yigʻib-terib olish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar toʻgʻrisida”gi 153-sonli yigʻilish bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida keng qamrovli nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Joriy yilda viloyatdagi 2 ming 90 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 75 ming 356 gektar yerda 243 ming tonnadan ortiq paxta yetishtiriladi. Mavsumda 31 dona zamonaviy, yuqori unumdor paxta terish mashinalari, 1 ming 735 ta transport texnikalari va 2 ming 634 dona tirkamalar qatnashishi rejalashtirilmoqda. Inspeksiyaning hududiy boshqarma va tumanlar boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan doimiy nazorat tadbirlari samarasi oʻlaroq hozirgi vaqtda ularning barchasi taʼmirlanib, shay holatga keltirildi.
Joriy yilda 9 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan paxta xom-ashyosini qabul qilish boʻyicha tegishli tadbirlar amalga oshirildi.
Shu maqsadda, klaster korxonalariga qarashli mavjud 27 ta paxta qabul qilish maskanlarida yetishtirilgan paxta xom ashyosini qabul qilish rejalashtirilgan.
Viloyatdagi paxta qabul qilish maskanlarida 90 dona oʻt oʻchirish vositalari, 154 komplekt kichik mexanizatsiya vositalari, 24 dona yopiq omborlar, 412 dona gʻaram maydonchalari, 316 dona elektroshkaf (SHOM), 525 dona hududni yoritish moslamalari taʼmirlanib shay holatga keltirildi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari tizimidagi barcha maskanlar sinov tahlilxonasida meʼyoriy hujjatlar jamlanmasi shakllantirilib, zaruriy hujjatlar tayyorlandi. Qabul maskanlarining barchasidagi oʻlchov va sinov vositalari qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilib, sertifikatlar bilan taʼminlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-avgustdagi yigʻilish bayoniga asosan qoʻlda terilgan har kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda 1200 soʻmdan, ikkinchi terimda 1500 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda haq toʻlanadi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari, paxta xom-ashyosi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklar hosilni qisqa fursatda yigʻishtirib olish maqsadida belgilangan narxlardan kam boʻlmagan holda mustaqil narx belgilashlari tavsiya etiladi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan jalb etilgan ishsiz fuqarolardan iborat terim otryadlari rahbarlariga mavsum yakuniga qadar 2 million soʻmdan mehnat haqi beriladi.
Shuningdek, terim ishlariga 18 yoshga toʻlmagan fuqarolar, oliy oʻquv yurtlari talabalari, byudjet va nobyudjet yoki xoʻjalik hisobidagi tashkilot xodimlari va harbiylarni terim tadbirlari, umuman har qanday majburiy mehnatga jalb etish qatʼiyan man etiladi, deya xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.