Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Qayd etilishicha, navbatdagi shunday tezkor tadbirda Kattaqoʻrgʻon tumani soliq inspeksiyasi inspektori 43 yoshli M.R. mazkur tumanda yashovchi mahalliy fuqaroning 11,5 million soʻm miqdoridagi soliq qarzini elektron bazadan oʻchirish va qarzdorlik toʻlangani xususida soxta hujjat rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan talab qilingan 6 million soʻm pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Samarqand shahar mudofaa ishlari boʻlimi safarbarlik chaqiruv rezervi boʻlinmasi boshligʻi, Qurolli Kuchlar xizmatchisi 52 yoshli S.I. hamda uning yordamchisi 33 yoshli F.E. oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda Samarqand shahrida yashovchi mahalliy fuqaroning AQSHga ishlash uchun ketgan oʻgʻliga safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni oʻtagani toʻgʻrisida soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 AQSH dollari talab qilgan. Ular kelishilgan mablagʻni olayotgan vaqtda qoʻlga tushgan.
Shuningdek, Milliy gvardiya Paxtachi tumanlararo qoʻriqlash boʻlimi xodimi 26 yoshli safdor Sh.A. mahalliy fuqaroga “Qoraqoʻton oltin koni” hududidagi 25-sonli shaxtadan tarkibida oltin moddasi boʻlgan toshlarni qazib olishga sharoit yaratib berish evaziga 8 million soʻm va 600 dollar talab qilib, kelishilgan puldan qolgan 600 dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muhandisi 26 yoshli S.Sh. esa mahalliy fuqaroning yaqin qarindoshi nomidagi turar joyga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 700 AQSH dollari talab qilib, bu pulni olgan vaqtda qilmishi fosh etilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.