Samarqandning Tayloq, Bulungʻur va Jomboy tumanlari mirishkorlari azaldan kartoshka yetishtirishning sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirishgan. Joriy yilda ham viloyatda kartoshka hosildorligi har qachongidanda barakali keldi.
Birgina Toyloq tumanida joylashgan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasida joriy yil kartoshkaning “Bogʻizogʻon”, “Raʼnomi”, “Evolyushin”, “Arizona”, “Silvana” va “Lusinda” navlari ekilgan edi.
Oʻz vaqtida berilgan agrotexnik ishlovlar albatta samarasiz ketmadi. Bugun bu yerda yetishtirilgan kartoshka hosili barchaning koʻzini quvnatmoqda. 11 gektar yer maydonining har gektaridan oʻrtacha 35-40 tonnadan 50-52 tonnagacha hosil olishga erishildi.
Egatdan kovlangan kartoshkalarning ayrimlari 2 kg.dan 2,2 kg.gacha tosh bosayotgani ham bor gap. Kartoshkalarning oʻrtacha vazni 350-600 grammni tashkil qilyapti. Bu aslo kimyoviy oʻgʻitlar natijasi emas, balki ishni omilkorlik bilan tashkil qilishning amaldagi samarasidir.
Bundan tashqari, almashlab ekishning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganligi, ekish muddati, asosiysi tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish, oʻsuv davrida 2-3 bor tarkibida mikro va makroelementlar mavjud boʻlgan ozuqalar bilan suspenziya qilinganligi yuqoridagi natijaga erishishga zamin yaratdi.