Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etiladi

    “Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) shafeligidagi Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” hukumat qarori loyihasi eʼlon qilindi.

    Unga koʻra, mazkur akademiya Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tegishli binoga joylashtiriladi.

    Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bilan hamkorlikda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzurida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tashkil etilgan hamda akademiyada yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili davlat byudjeti hisobidan mablagʻlar ajratib borilishi belgilangan.

    Belgilanishicha:

    • akademiyada taʼlim dasturlariga oid oʻquv va amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun zarur xomashyolarni xarid qilish uchun “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining soʻroviga koʻra har yili davlat byudjetidan tegishli mablagʻlar ajratiladi;

    • Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ga aʼzo davlatlarning fuqarolariga akademiyada joriy etilgan oʻquv kurslarida davlat granti asosida taʼlim olish uchun har yili 100 ta oʻrin ajratiladi.
    Quyidagilar akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilanadi:

    • respublikaning turizm tarmogʻini rivojlantirishga zarur boʻlgan kadrlarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;

    • xalqaro eʼtirof etilgan xorijiy oliy oʻquv yurtlarining yetakchi professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda, mehmondoʻstlik sohasida kadrlar, xususan, boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikda dasturlarni (joint programs) amalga oshirish;

    • aholining turizm sohasiga oid tadbirkorlikka qiziqishi boʻlgan qatlamlarini oʻqitishni tashkil etish;

    • turizm sohasida faoliyat yurituvchi subyektlar xodimlari faoliyatiga oid oʻquv materiallarini (jumladan, elektron shaklda) tayyorlash;

    • turizm sohasida amaliy va innovatsion tadqiqotlar hamda zamonaviy talablar asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash.

    Akademiya faoliyatini moliyalashtirish:

    • Oʻzbekiston davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

    • davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan Oʻzbekiston davlat byudjeti mablagʻlari;

    • Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi;

    • ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil ishlarini amalga oshirishdan, shartnoma asosida bajariladigan taʼlim va boshqa xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;

    • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

    Belgilanishicha:

    • akademiya turizm sohasida kadrlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi;

    • akademiya Samarqand shahar, Boburmirzo koʻchasi, 3a-uy manzilidagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tegishli binoga joylashtiriladi;

    • akademiyani davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan saqlash xarajatlarini moliyalashtirish 2024-yilda respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab byudjet qonunchiligi talablariga muvofiq taqdim etilgan byudjet soʻrovnomalariga asosan davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi;

    • akademiya “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;

    • “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti vasiylik kengashiga zaruratga koʻra, akademiyaning tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

    Akademiya direktori belgilangan tartibda Turizm qoʻmitasi raisi bilan kelishilgan holda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.