Aniqlanishicha, 22 yoshli fuqaro oʻzining Toshkent shahrida yashovchi tanishini yoʻq qilish uchun «qotil« izlayotgani haqida tezkor maʼlumot olingan. Huquq-tartibot organlari tomonidan jarayonga «shartli qotil« jalb etildi. Buyurtmachi unga qotillik evaziga 2 200 AQSH dollari vaʼda qilgan.

Qoʻlga olish jarayoni 27-yanvar kuni Samarqand shahrida oʻtkazilgan tadbirda buyurtmachi «qotil«dan grim qilingan murdaning fotosuratini qabul qilib oladi. Ish «bajarilganiga« ishongan shaxs kelishilgan puldan 2 000 dollarini berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Surishtiruv davomida maʼlum boʻlishicha, bu jinoyat ortida 30 yoshli MCHJ rahbari turgan. U oʻzining Toshkentdagi qarindoshidan katta miqdorda qarzdor boʻlgani va oʻrtadagi nizo sababli, xodimi (22 yoshli yigit) orqali ushbu qotillikni rejalashtirgan.

Hozirda ikkala shaxsga nisbatan ham Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi (Qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.