Samarqand shahrining Chopon-ota hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yangi Samarqand avtovokzalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Loyihani amalga oshirish uchun 12 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi. Yangi avtovokzal zamonaviy meʼmoriy yechimlar, energiya tejamkor texnologiyalar va xavfsizlik standartlari asosida qurilgan.
Yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan: keng va yorugʻ kutuv zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablolarda qatnovlar jadvalini koʻrsatish tizimi, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus pandus va yoʻlaklar, avtobus, mikroavtobus va yoʻnalishsiz taksilari uchun alohida kutuv maydonlari, haydovchilar dam olish xonasi, avtotransportni texnik koʻrikdan oʻtkazish xizmati hamda 24 soat ishlaydigan videokuzatuv tizimi shular jumlasidandir.
Avtovokzal faqat transport markazi emas, balki keng qamrovli xizmat koʻrsatish va savdo hududi sifatida ham faoliyat yuritadi. U yerda 120 ta savdo doʻkoni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon va 2 ta mehmonxona joylashgan.
Avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar aholi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.
Ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev soʻzga chiqib, ushbu loyiha Samarqand viloyatida transport xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishi, shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro qatnovlar samaradorligini oshirishi, aholining vaqt va xarajatlarini tejashga xizmat qilishi haqida alohida taʼkidladi.
Tadbir soʻngida madaniy dastur uyushtirildi. Unda viloyat va poytaxtdan kelgan sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlari bilan ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashishdi.
Samarqand avtovokzali kelgusida nafaqat respublika ichida, balki xalqaro yoʻnalishlarda ham muhim transport markaziga aylanishi kutilmoqda. Bu esa shaharning logistika, transport va sayyohlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.