Ochilish marosimida Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon, mazkur loyiha boʻyicha vakil Jiseo Kim, hamda Madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Akilova ishtirok etdi.

Ushbu koʻp asrlik doʻstona aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish maqsadida 2019-yilda Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy Meros Departament fondi bilan Madaniyat vazirligi, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi va Fanlar Akademiyasi oʻrtasida “Ipak yoʻli madaniy merosini tadqiq etish va saqlash”ga doir memorandum imzolangan.

Loyiha eng avvalo Ipak yoʻli madaniy merosining saqlanishi va tadqiq etilishi boʻyicha maʼlumot hamda koʻnikma almashinuvidan iboratdir. Shu bilan birga arxeologik tadqiqotlar orqali turizmni rivojlantirish, Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi fondida saqlanayotgan etnografik va arxeologik topilmalarni hamda Afrosiyob muzeyi devoriy suratlarini restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirish uchun yangi zamonaviy laboratoriya uskunalari va kimyoviy materiallar bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

Janubiy Koreya Respublikasining Madaniy Meros Departamenti tomonidan Samarqand muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida zamonaviy taʼmirlash laboratoriyasini yangidan jihozlash va takomillashtirish hamda laboratoriyani zamonaviy asbob-uskunalar bilan va kimyoviy materiallar bilan taʼminlash uchun mablagʻ ajratildi.

2019-2021-yillar davomida Janubiy Koreya Respublikasidan zamonaviy asbob uskunalar va kimyoviy materiallar olib kelinib, taʼmirlash laboratoriyasiga oʻrnatildi.

Mazkur zamonaviy taʼmirlash laboratoriyasi nafaqat Oʻzbekiston ilmiy salohiyatini kuchaytirishga, balki tadqiqot infratuzilmasini yaratish va Oʻzbekistonning Osiyo mintaqasi, xususan Janubiy Koreya Respublikasi bilan madaniy aloqalarni va hamkorlikni tiklashga hamda davom ettirishga yoʻl ochadi, deb xabar beradi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.