Samarqanddagi maktab, bogʻcha va shifokorlik punktida qurilish talablariga rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi

    Urbanizatsiya 6 Iyun 2023 946

    Samarqand viloyati Payariq tumani 34-sonli umumtaʼlim maktabida qoʻshimcha 180 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilishi davomida qurilish meʼyorlaridan chetlashilgani aniqlandi. 

    Maʼlum boʻlishicha, ushbu qurilish maydoni hududi belgilangan tartibda oʻralmagan, maktab bolalari shundoq qurilish maydoni yonidan oʻtib-qaytadi. Bino poydevorining shamollatish tuynuklari loyihada diametri 150 millimetr boʻlishi koʻrsatilgan, biroq quruvchi tomonidan 50 millimetr oʻlchamda tuynuk qoldirilgan.

    Bino devorlariga terilgan gʻishtlarning ayrimlariga sement-qum qorishmasi toʻldirilmagan. Loyihadan chetlashgan quruvchining kamchiliklari Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan davlat dasturlari asosida qurilayotgan ijtimoiy soha obyektlarida oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida fosh boʻlgan.

    “Aniqlangan kamchiliklar boʻyicha koʻrsatmalar berildi, ushbu koʻrsatmalarni oʻz vaqtida bajarib beramiz”, — deydi qurilish masʼuli.

    Inspeksiya xodimlari tumanning “Nakurt” mahallasi hududida “Boshmoq” oilaviy shifokorlik punktining qurilish binosida boʻlgan. Ushbu obyektda ham bir nechta qurilish talablari buzilayotgani aniqlangan.

    Nazoratchilar bundan tashqari, tumanning “Katta saydo” mahallasida qurilayotgan maktabgacha taʼlim tashkiloti binosida boʻlib, qator kamchiliklarni aniqladi. Masalan, bino poydevorining tashqi himoya qismiga loyihada koʻrsatilgan qurilish materiallari emas, balki sifatsiz materiallardan foydalanilgan.

    “Binoning tashqi himoya qismiga bazaltdan foydalanish koʻrsatilgan, lekin joyida penoplastdan foydalanilgan. Umuman olganda, yuqoridagi obyektlarda texnik va mualliflik nazorati oʻz vaqtida yuritilmagan. Obyekt pasportlari mavjud emas, yoki koʻrinarli joyga ilinmagan”, — deydi Samarqand viloyati qurilish nazorati inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari.

    Shuningdek, Ishtixon tumanida qurilayotgan suv inshooti ham koʻzdan kechirilgan. Bu yerda ham yotqizilayotgan quvur oʻlchab koʻrilganida, loyihada koʻrsatilgan nuqtaga nisbatan past boʻlib chiqqan.

    Qurilish tashkilotlariga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni belgilangan muddatda bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilgan. Koʻrsatmalar oʻz vaqtida bajarilmasa, qurilish korxonalariga nisbatan qonuniy choralar koʻriladi.