Shu sababli mazkur tibbiy koʻrik tashkil etilib, unda 421 nafar mahkum va mahbus shifokorlar koʻrigidan oʻtkazildi.
Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi hududiy vakili Diyor Husanov navbatdagi monitoring tashrifi doirasida Kattaqoʻrgʻon shahrida joylashgan 7-tergov hibsxonasida boʻldi. Jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan ushbu monitoring jarayonida hibsxonadagi mahkum va mahbuslarning murojaatlari asosida tibbiy koʻrik tashkil etildi.
Tibbiy koʻrikka Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasining 16 nafar shifokordan iborat guruhi va 2 ta avtobusda oʻrnatilgan koʻchma mobil oftalmologiya, ultratovush, EKG va laboratoriya uskunalari jalb etildi.
Shuningdek, 7-tergov hibsxonasi rahbari va tibbiy boʻlim boshligʻi bilan suhbat oʻtkazilib, 141 turdagi dori-darmonlar mavjudligi aniqlandi. Hibsxonada saqlanayotganlarning sogʻligʻi yomonlashganda kerakli dorilarning berilishini nazoratga olish tavsiya qilindi.
Monitoring davomida voyaga yetmaganlar, ayollar va erkaklar kamerasi koʻzdan kechirildi. Baʼzi kameralarda yoritqichlar kuygani oqibatida yorugʻlik yetishmasligi aniqlandi va shu kunni oʻzida yoritqichlar almashtirildi.
Bundan tashqari, 78 nafar ayblanuvchi va mahkum bilan jamoaviy, 11 nafari bilan yakka tartibdagi suhbatlar oʻtkazildi, deyiladi Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ning axborot xizmati xabarida.