Ilmiy qidiruv jarayonida olimlar hududdan qalʼa devorlari, katta koʻza, kosa, kichik haykalcha, muhr kabi noyob topilmalar topishgan. Olimlarning taʼkidlashicha, ushbu tarixiy obyekt tashqi dushmanlardan himoyalovchi harbiy istehkom boʻlgan.

Past Dargʻom tumani hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev ushbu tarixiy manba bilan tanishish uchun ushbu obyekti kelgan, olimlar bilan suhbatlashgan. Olis yurtdan kelib, tuproq ostida yashiringan tariximizni ochishda koʻmaklashayotgani uchun xorijlik olimlarga oʻz minnatdorligini bildirgan.

Shuningdek, tuman hokimligi olimlarga ilmiy qidiruv jarayonida zarur boʻlgan moddiy-maʼnaviy koʻmak berishga tayyorligini aytgan. Jumladan, hokim tepalikni tashqi taʼsir, jumladan, yomgʻir, qorlardan himoya qilish uchun tarixiy obyekt ustiga temir panjara oʻrnatib, ustini toʻliq yopib berishni oʻz zimmasiga olgan.