Joriy 2020 yilning oʼtgan davri davomida Samarqandga 512 dona zamonaviy qishloq xoʼjaligi texnikalari keltirildi. “Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan 2020 yilning 1-dekabrь holatiga koʼra, qishloq xoʼjaligi va boshqa texnikalari uchun 3 milliard 711 million soʼmdan ortiq davlat xizmatlari koʼrsatildi.

Shuningdek, 10-12 dekabrь kunlari boʼlib oʼtgan “Qishloq xoʼjaligi texnikalari va texnologiyalari” yarmarkasi va sanoat kooperatsiya koʼrgazmasida qator agroklaster korxonalari hamda fermer xoʼjaligi rahbarlari tomonidan yangi, zamonaviy qishloq xoʼjaligi texnikalarini xarid qilish yuzasidan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

– Jumladan, Kattaqoʼrgʼon tumanida keyingi uch yil davomida, qishloq xoʼjaligini rivojlantirish, qishloq xoʼjaligi ekinlaridan yuqori hosil olish maqsadida Germaniya, Belorussiya, Xitoy va Turkiya davlatlaridan jami 113 milliard 225 million soʼmlik har xil turdagi zamonaviy qishloq xoʼjaligi texnikalari keltirildi, – deydi “Oʼzagroinspektsiya”ning Kattaqoʼrgʼon tumani boʼlim boshligʼi Nurali Namozov. – Tumandagi fermer xoʼjaliklari tomonidan 2018 - 2020 yillar davomida 29 milliard 065 million soʼmlik, 147 dona yangi qishloq xoʼjaligi texnikalari xarid qilindi. Kattaming “Аgroservis MTP” MChJ tomonidan 13 milliard 737 million soʼmlik 46 dona, “Kattaqoʼrgʼon klaster” MChJ tomonidan 49 milliard 426 million soʼmlik 150 dona, “Аmina gold invest” MChJ tomonidan jami 20 milliard 996 million soʼmlik 183 dona yangi qishloq xoʼjaligi texnikalari xarid qilindi. Yangi, zamonaviy qishloq xoʼjaligi texnikalarining elektron roʼyxati shakllantirilib, davlat raqam belgilari bilan taʼminlanmoqda. Bularning barchasidan koʼzlangan maqsad, aholini sifatli va arzon qishloq xoʼjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

 “Oʼzagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati