Tadbirni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev va Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov kirish soʻzi bilan ochdi.
Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Islom Jasimov, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi savdo vakili Konstantin Zlыgostev, “Sankt-Peterburg Savdo-sanoat palatasi” Kengashi raisi Vladimir Katenev va boshqalar ishtirok etdi.
Iqtisodiy forumning asosiy maqsadi ishbilarmonlik va oʻzaro savdo-sotiq aloqalarini yanada kengaytirish, qoʻshma sarmoyaviy loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari va imkoniyatlarini aniqlashdan iborat.
Tadbirda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Sankt-Peterburg Savdo-sanoat palata” Kengashi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim imzolanib, tomonlar oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Sankt-Peterburg tashkilotlari va tadbirkorlari oʻrtasidagi iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, shuningdek, savdo-sotiq aloqalarini mustahkamlashga, shu jumladan, oʻzaro hamkorlikda yangi va eng samarali iqtisodiy yoʻnalishdan foydalanishga kelishdi.
Forum doirasida maʼruzalar va taqdimotlar, shuningdek, B2B va B2G formatida muzokara va uchrashuvlar oʻtkazilib, ikki mamlakat siyosat va biznes vakillari hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etish imkoniga ega boʻldi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati