“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 2023-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasida sanoat ipotekasi tizimini joriy etish toʻgʻrisida hukumat qarorini qabul qilish, unda tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish mexanizmlarini, sanoat ipotekasini amaliyotga joriy etish hamda ularning asosiy shartlari va yoʻnalishlarini inobatga olish nazarda tutilmoqda. Shu oʻrinda sanoat ipotekasi nima, degan savol tugʻilishi tabiiy.
Sanoat ipotekasi, deganda tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga “Tayyor biznes” shaklida bino-inshootlarni uzoq muddatli kredit asosida sotib olish taklifi oʻsha binoning oʻzini garovga olgan holda taqdim etilishi tushuniladi. Bu tizim sanoatni rivojlantirish bilan bir qatorda tadbirkorlik faoliyatini faol ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
Sanoat ipotekasini yoʻlga qoʻyish tashabbusini davlatimiz rahbari 2022-yil 7-noyabrda mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda ilgari surgan edi. Shu maqsadda mutasaddilar oldiga qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun bu yoʻnalishda dastur ishlab chiqish, birinchi bosqichda 7 yildan kam boʻlmagan muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 50 million AQSH dollari yoʻnaltirish, shuningdek, Nukus, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo va Oʻzbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalarini barpo etish vazifasi qoʻyilgan.
Alohida qayd etish joizki, faoliyati ishlab chiqarish bilan bogʻliq tadbirkorlar uchun oʻz ishini zarur infratuzilmaga ega bino-inshootlarda yoʻlga qoʻyish, ayniqsa, iqtisodiy jihatdan juda muhim. Bunday imkoniyatga ega boʻlmaganlar ishni tayyor bino-inshootlarni ijaraga olgan holda boshlashi tabiiy. Bu mahsulot tannarxiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Bundan tashqari, oʻzgarib turadigan ijara xarajatlari, oʻziga tegishli boʻlmagan bino-inshoot va infratuzilma obyektlarini taʼmirlash majburiyati hamda saqlash xarajatlari, qisqasi ijaraga beruvchining barcha talablariga koʻnib ishlash oson emas. Aks holda, tadbirkor oldida boshqa maʼqul joy izlab topish, uskuna va jihozlarni koʻchirib qaytadan oʻrnatish, bu orada raqobatchilarga oʻtib ketgan mijozlar ishonchini qayta qozonish, xodimlar oʻrnini toʻldirish kabi yanada murakkab muammolar paydo boʻlishi mumkin.
Bu qiyinchilarga uchramaslik maqsadida ayrim tadbirkorlar ijaraga beruvchining xufyona shartlariga ham rozi boʻlsa, ayrim tadbirkorlar biznes-rejasida qurilish xarajatlari nazarda tutilmagan boʻlsa-da, uskuna va jihozlar, xomashyo sotib olish uchun olingan kredit hisobidan qurilishni boshlab yuboradi. Oqibatda ishlab chiqarish kechikishi, loyihani qoplash muddati choʻzilishi, qarzdorliklar paydo boʻlishi natijasida turli nizoli vaziyatlar yuzaga keladi. Sanoat ipotekasi yuqorida keltirilgan qator masalalarning yechim topishiga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda mavjud tijorat banklarining aksariyati birlamchi va ikkilamchi koʻchmas mulk bozorida ancha faol boʻlib, uning ulushi asosan uy-joylar hissasiga toʻgʻri keladi. Yaʼni uzoq muddatli ipoteka kreditlari deyarli faqat uy-joy sotib olish uchun berib kelingan. Sanoat ipotekasi yoʻlga qoʻyilishi bilan ishlab chiqarish bino-inshootlari va infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarining ortishi hisobiga qurilish bozori yanada faollashadi. Chunki tez ishga tushadigan loyihani yuqori likvidli tayyor bino-inshootlar garovi evaziga moliyalashtirish tijorat banklari uchun har tomonlama manfaatli.
Bunda muayyan sanoat tarmoqlari yoki ishlab chiqarish loyihalarini imtiyozli moliyalashtirish nazarda tutilgan hollarda berilayotgan imtiyozlardan maqsadli foydalanish qatʼiy nazoratga olinishi lozim. Masalan, bitta loyihada ishtirok etayotgan, afillangan shaxslardan, sodda qilib aytganda, “oʻzidan oʻzi” koʻchmas mulk xarid qilinishining oldi olinishi shart.
Sanoat ipotekasi institutining keng qoʻllanilishi tadbirkor va sarmoyadorlarni yangi loyihalarni ishga tushirishga ragʻbatlantirishi bilan mamlakat investitsiya muhitini yaxshilashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bilan bir qatorda, mamlakatda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, iqtisodiyotda sanoat ulushi va moliya bozorida kapitallashuvning ortishi, mulkdorlar safi koʻpayishiga zamin yaratiladi. Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar yaratish, narx va sifat jihatdan raqobatbardoshlikni taʼminlash, doimiy ish oʻrinlarini koʻpaytirish, iqtisodiyotning koʻplab tarmoqlari oʻsishiga erishiladi.
Botir MARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati