Saratonning oʻta xavfli turini davolash usuli topildi

    Oʻpka saratoni — eng xavfli kasalliklardan biri. Uning ikki asosiy turi maʼlum. Biri — kichik hujayrali, ikkinchisi — kichik boʻlmagan hujayrali oʻpka saratonidir.

    Kichik hujayrali oʻsmalar tez rivojlanadi va yuqori agressivlik xususiyatiga ega. Qolaversa, uni dastlabki bosqichlarda aniqlash qiyin. Shu bois kasallikka koʻp hollarda kech tashxis qoʻyiladi. Eng yomoni, uni davolash juda murakkab.

    Oʻpka saratonining bu shakli asosan kashandalik oqibatida kelib chiqadi. Shuningdek, yomon ekologik muhit, nafas olish tizimi kasalliklari, genetik moyillik ham bunga sabab boʻladi.

    AQSH olimlari kichik hujayrali saratonni samarali davolash yoʻlini topdi. Tadqiqot jonivorlarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtdi.

    Buning uchun shifokorlar SCLC hujayralarini sichqonlarga koʻchirib oʻtkazdi. Jonivorlardan bir guruhi siklofosfamid, ikkinchi guruhi SMYD3 ingibitori va uchinchi guruhi har ikki dori bilan davolandi. Toʻrtinchi guruhda hech qanday muolajalardan foydalanilmadi.

    Yakunda siklofosfamid va SMYD3 preparatlari qoʻllanilgan sichqonlarda xavfli oʻsmalar oʻsishi toʻxtagani maʼlum boʻldi.

    Mutaxassislar fikricha, ushbu yangi usul kimyoterapiya muolajalari sezilarli taʼsir koʻrsatmaydigan bemorlarni davolashda katta natija berishi mumkin. Bu haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.