Sarhisob: Belbog‘li kurash federatsiyasi 2021 yilni qanday yakunladi?

    O'zbekiston “Adolat” SDP majlislar zalida O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasining 2021 yil yakunlariga bag'ishlangan sarhisob yig'ilishi bo'lib o'tdi.

    Unda Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi (JBKA), Osiyo belbog'li kurash konfedratsiyasi, “Adolat” SDP siyosiy kengashi rahbariyati, partiyaning Toshkent viloyati kengashi faollari, O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi vakillari, sportchilar, murabbiy va mutaxassislar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirni O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov kirish so'zi bilan boshlab, 2021 yil belbog'li kurash sporti uchun yuksak natijalar va muvaffaqiyatlarga boy yil bo'lganini e'tirof etdi.

    Sportchilarimiz respublika va jahon miqyosida o'tkazilgan musobaqalarda shohsupaning yuqori pog'onalaridan o'rin egallab, mamlakatimiz sport zaxirasiga medallar shodasini taqdim etdi.

    Tadbirda ishtirok etgan Jahon belbog'li kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek G'aniev ham yig'ilganlarni qutlab, assotsiatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma'lumot berdi.

    Tadbirda so'z olgan Osiyo belbog'li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo'min Muratov Osiyoda belbog'li kurashni rivojlantirish masalalari haqida to'xtalib, joriy yilgi xalqaro musobaqalarda polvonlarimizga muvaffaqiyat tiladi.

    Tadbirda, shuningdek, O'zbekiston “Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi o'rinbosari Abdukamol Rahmonov, partiyaning Toshkent viloyati kengashi raisi Bobur Mamirov o'z tabrik so'zlarini aytdi.

    Shundan so'ng O'zbekiston belbog'li kurash federatsiyasi hamda “Adolat” SDP siyosiy kengashi tomonidan turli yo'nalishlar bo'yicha nominatsiya g'oliblari diplom va qimmatbaho sovg'alari bilan mukofotlandi.

    Ilhom Rahmonov