Muxbirimiz Parviz bilan muvaffaqiyatgacha boʻlgan yoʻl va xalqaro imtihon taqdim etadigan imkoniyatlar xususida suhbatlashdi.
— Parviz, avvalo xalqaro imtihonda erishgan muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Natijangizni bilganingizdan keyin qalbingizni xursandchilik hislari chulgʻagan boʻlsa kerak, shunday emasmi?
— Albatta, imtihon javoblarini kutish jarayoning oʻzi juda hayajonli edi. Chunki, javoblar ikki haftaga yaqin muddatda chiqadi. Oxirgi kunlarni soniyalarni sanab oʻtkazdim. Aksiga olib javob biroz kechikdi. Imtihon javoblari eʼlon qilingach, eng avval onamga telefon qilib, yigʻlashga tushdim. Chunki, bu natijaga oʻz-oʻzidan erishib boʻlmasdi. Men mehnatlarimning samarasini koʻrayotgandim. Orzum ushalgandi.
— SAT imtihoni haqida ham tushuncha berib oʻtsangiz. Imtihonga tayyorlanish jarayoni sizdan nimalarni talab etdi?
— SAT imtihoni — “akademik baholash testi” boʻlib, abituriyentlarning tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini tekshirish uchun oʻtkaziladigan xalqaro imtihon. Dunyoning eng nufuzli oliygohlarida oʻqish istagida boʻlgan yoshlar, albatta SAT sertifikatiga ega boʻlishlari shart. Imtihonga tayyorlanishni 2022-yilning sentyabr oyidan boshladim. Yurtimizda bu imtihonga oflayn tayyorlaydigan oʻquv markazlar yoʻqligi sabab onlayn manbalardan foydalanishimga toʻgʻri keldi. Bunda menga ingliz tilini bilishim as qotdi. Chunki, manbalarning barchasi ingliz tilida. Eng koʻp foydalangan manba bu Khan Academy onlayn sayti boʻldi. Undan tashqari, Erica Meltzer Writing, Panda Math kitoblaridan foydalandim.
Imtihonning ingliz tili qismida 52 taga yaqin matn beriladi. Va har bir matnga oid bitta savol boʻladi. Matnda 150dan 250 tagacha soʻz boʻladi. Savollar har xil, baʼzida matndagi vazifa soʻraladi, goho esa matnning umumiy maʼnosini bilish talab etiladi. 52 ta savol toʻrt qismga boʻlinadi. Ideas and Information, Crafts and Structure, shulardan siz grammatik va ritorik savollarni yechishingiz kerak. 52 ta savoldan 50 tasini toʻgʻri yechdim.
— IELTS va SAT imtihonlari. Keling, shu haqda oʻquvchilarga batafsil maʼlumot bersak. SAT qanday imtihon? Bu imtihonda yuqori balga ega boʻlish sizga qanday imkoniyatlar beradi? Xuddi shu kabi IELTSda erishilgan yuqori natija qayerda qoʻl kelishi mumkin?
— IELTS — bu ingliz tilini bilish darajangizni tekshiradigan imtihon. SAT esa maktab bitiruvchisini oliy taʼlimga qanchalik tayyor yoki tayyor emasligini koʻrsatib beradi. IELTS imtihoni oʻqish, yozish, tinglash, gapirish kabi toʻrt qismga boʻlinadi. SAT esa ikki, matematika va ingliz tiliga oid qismlarga boʻlinadi.
Ingliz tiliga oid qismda siz akademik maqolalardan parchalar oʻqib, ularga oid savollarga javob berishingiz kerak. Maqolalar har xil mavzularda boʻladi. Kelgusida oliy taʼlim muassasasida oʻtiladigan mavzular, darsliklarni oʻqib, tushuna olishingiz talab etiladi. Chunki oʻsha darsliklardan savollar oʻrtaga tashlanadi. Misol uchun kimyo, astronomiya, tarix, arxeologiya mavzularida matnlar beriladi. Savollarga tanqidiy fikrlab javob berishingiz kerak. Qaysi yoʻnalishda tahsil olishingizdan qatʼi nazar SAT imtihonini topshirishingiz shart. Va bu sizning umumiy tanqidiy fikrlash qobiliyatingizni tekshirib beradi.
Matematikaga oid qismida esa siz misol va masalalar oʻrin olgan testlarni yechishingiz kerak.
IELTS imtihonida erishgan natijangiz bilan dunyoning nufuzli OTMlariga kirishingiz mumkin. Ammo siz grant yutmoqchi boʻlsangiz va u yerda bepul oʻqimoqchi boʻlsangiz sizga SAT imtihoni qoʻl keladi. SAT imtihoni dunyoning 1000 dan ortiq oliy oʻquv yurtlarida amal qiladi.
— Siz dunyoning qaysi nufuzli OTMida tahsil olishni rejalashtiryapsiz?
— Biror universitetni tanlayotganingizda Common application saytidan foydalanishingiz, 20 tagacha OTMni tanlashingiz va hujjat topshirishingiz mumkin. Albatta men bu imkoniyatdan foydalanib, 20 ta oliygohga topshiryapman. Ularning ichida AQSHdagi Stenford yoki Yale universitetida iqtisod sohasida oʻqimoqchiman. Chunki, yoshligimdan shu sohaga qiziqqanman. Ammo u yerdagi oʻqish sistemasi Liberal Arts – yaʼni “erkin sanʼat” deyiladi. Bu oliy taʼlim modeli boʻlib, keng koʻlamli ijtimoiy va gumanitar sohani oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Va u yerda siz ikkita yoki uchta asosiy fanlarni oʻqiysiz. Men ikkinchi fan sifatida psixologiyani tanladim. Chunki qaysi ishda ishlasak-da insonlar bilan muloqotga kirishamiz. Ularni tushunishimiz va aloqa oʻrnatishimiz uchun psixologiyani yaxshi bilishimiz kerak boʻladi.
— Inson muvaffaqiyatga erisharkan, ortda qolgan yoʻlga nazar tashlasa minnatdorlik tuygʻulari bilan yuzma-yuz keladi. Sizning shu darajaga yetishingizda koʻmak, dalda yoki turtki boʻlgan jihatlar nimalardan iborat edi?
— Albatta jarayonda faqat yaxshi kunlar emas yomon kunlar ham boʻladi. Tushkunlikka tushgan kunlarim hammasiga nuqta qoʻyishga harakat qilganman. Ammo shunday paytda ota-onamning daldasi va tirgagi meni yana oʻqishga qiziqishimni oshirgan. Men bilan birga tayyorlangan doʻstlarimga ham rahmat. Ular ham doim yonimda turishgan va qoʻllab-quvvatlashgan. Biz haftada 2-3-marta SAT imtihonlariga oʻxshash test yechardik. Har doim ham natija yaxshi boʻlmasdi. Balim past boʻlganda xafa boʻlardim. Goʻyoki shuncha qilgan mehnat foyda bermagandek, dars qilishga ishtiyoqim pasayib ketardi. Shunday paytda ota-onam va doʻstlarim yordami bilan oʻqishga qaytardim. Ulardan juda minnatdorman.
— Kelgusidagi rejalar?
— Men tahsil olmoqchi boʻlgan universitetlarda juda ham ilgʻor, dunyoga taniqli professorlar dars beradi. Men xorijning ilgʻor tajribasini oʻrganib, yurtimizning iqtisodiy rivojiga hissa qoʻshmoqchiman.









