Muzokaralar chogʻida investitsiyaviy, energetika, moliyaviy-texnik sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida energetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarning borishini ijobiy baholab, ushbu loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishni jadallashtirish boʻyicha amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirishga sodiqliklarini bildirdilar. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham yangi istiqbolli loyihalarni oʻrganish orqali ushbu sohadagi sheriklikni mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi.
Saudiya Arabistoni tomonining Oʻzbekiston bilan yengil sanoat, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, infratuzilmani rivojlantirish va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi qiziqishi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, moliyaviy-texnik yoʻnalishida, jumladan, sogʻliqni saqlash, taʼlim, fan va innovatsiya, qishloq va suv xoʻjaligi, uy-joy va transport infratuzilmasi kabi sohalarda hamkorlik uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Muloqot chogʻida tomonlar joriy yilning birinchi yarim yilligida Ar-Riyod shahri (Saudiya Arabistoni)da Hukumatlararo komissiyaning 4-yigʻilishini tashkil etish masalalari yuzasidan kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida qoʻshma loyiha va tashabbuslar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va videokonferensaloqa shaklida muntazam uchrashuvlar oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.