Saudiya Arabistoni bilan iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojlantiriladi

    Xalqaro hamkorlik 30 Sentabr 2022 2310

    Joriy yil 28-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri Tavfiq ibn Favzan ar-Robiya bilan uchrashdi.

    Muloqotda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning asosiy jihatlari hamda uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarining Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

    Tomonlar Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali oʻzaro manfaatli munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, jumladan, siyosiy, iqtisodiy va turizm sohalarida munosabatlar faollashganini yuqori baholadilar.

    Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga oʻtgan 30 yil davomida birinchi tarixiy tashrifi Podshohlik bilan har tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, oʻzaro munosabatlarni mutlaqo yangi bosqichga koʻtarish uchun turtki boʻlgani taʼkidlandi.

    Xususan, tashrif davomida Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan umumiy qiymati 15 milliard dollarlik shartnomalar imzolanib, energetika, kimyo, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, qurilish, farmatsevtika, infratuzilmaviy qurilish va boshqa sohalarda 14 ta qoʻshma loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro savdo masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi savdo aloqalarini yanada rivojlantirish, yaʼni yetkazib beriladigan tovarlar turlarini kengaytirish, transport-logistika aloqalarini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar.

    Oʻzbekistonliklarning Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish masalalari alohida muhokama etildi. Tomonlar 2018-yil oktyabr oyidan Umra kvotalari bekor qilinganini olqishladi, bu esa avvallari bunday imkoniyatni uzoq vaqt kutishga majbur boʻlgan aholining niyatlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratdi. Oʻzbekistonlik ziyoratchilarning chegara va bojxona nazoratidan oʻtishi, biometrik maʼlumotlarni elektron roʻyxatga olish shartlarini optimallashtirish jarayonini faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.