Saudiya Arabistoni kompaniyasi qiymati 1 million dollarlik Oʻzbekiston qandolat mahsulotlarini import qilish istagida

    Biznes 12 Iyul 2020 1012

    Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi milliy mahsulotlarimiz eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida ushbu davlatning oziq-ovqat savdosi sohasiga ixtisoslashgan “Aman Marketing Trade Group” kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Kompaniya rahbari Aman Abubakr Turkistoniyning Oʻzbekistonga amalga oshirgan qator tashriflari va ular natijasi oʻlaroq Toshkentdagi “Crafers” kompaniyasining qandolat mahsulotlarini Saudiya Arabistoniga eksport qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Qiymati 500 ming AQSH dollariga teng eksport shartnomasiga koʻra, 40 tonnaga yaqin sifatli qandolat mahsulotlarining eksporti tashkil etiladi.

    Ar-Riyoddagi elchixonamiz xabarida keltirilishicha, shartnomada mahsulotlarni joriy yilning sentyabr oyida Saudiya Arabistoniga yetkazish belgilangan. Hozirgi kunda mahsulotlar turi boʻyicha maʼlumotlar hamkor mamlakatning Dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazorat qilish agentligiga taqdim etish, muvofiqlik sertifikatini olish ishlari olib borilmoqda.

    A.Turkistoniy bildirishicha, kompaniya 2020-yil yakuniga qadar Oʻzbekistondan qandolat mahsulotlari importini 500 mingdan 1 million AQSH dollariga yetkazish niyatida.

    Maʼlumot oʻrnida, bundan oldin Oʻzbekistonning “BMB Trade Group” bilan “Aman Marketing Trade Group” vakillari oʻrtasida ham videomuloqot shaklida uchrashuv oʻtkazilgan edi. Suhbat chogʻida yangi meva-sabzavot mahsulotlari, xususan, gilos, oʻrik, uzum, poliz mahsulotlari va dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalar eksportini tashkil qilish masalasi muhokama qilindi.