Xususan, Saudiya Arabistoni sayyohlik shirkatlari va Indoneziya turkompaniyalarining Podshohlikdagi vakillariga Oʻzbekistonda xalqaro turizmni rivojlantirish boʻyicha yaratilgan qulay sharoitlar, taqdim etilayotgan imkoniyatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Samarqand, Xiva, Buxoro, Toshkent va boshqa tarixiy shaharlarning sayyohlik salohiyati, noyob tarixiy va meʼmorchilik inshootlari, shuningdek, tabiatning goʻzalligi va rang-barangligi, Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik hunarmandchilik anʼanalari, urf-odatlari va bayramlari har yili koʻplab sayyohlarni jalb etayotgani alohida taʼkidlandi.
Ekspertlar eʼtibori Oʻzbekistonda yaratilgan zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, turizmning oʻziga xos turlari (“gastronomik turizm”, “ekologik turizm”, “qishki turizm”) hamda mamlakatimiz mehmonlari uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga qaratildi.
Taqdim etilgan maʼlumotlar soha vakillarida katta qiziqish uygʻotdi. Xususan, Indoneziyaning “Jejak Imani” va “Jannah Firdaus” turkompaniyalari Oʻzbekistondagi hamkasblari bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan manfaatdorlik bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.