Saudiya Arabistonida Haj qoidasini buzgan 76 ming kishi hibsga olindi

    Voqea-hodisalar 4 Iyun 2025 488

    Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi Haj marosimlari boshlanishi arafasida “Ruxsatsiz hajga yoʻl qoʻymaslik” kampaniyasi doirasida Haj qoidalarini buzgan 75 mingdan ortiq kishini hibsga oldi.

    Qayd etilishicha, endi ularni deportatsiya, jarima va 10-yil davomida mamlakatga kirishining taqiqlanishi kabi jazo choralari kutmoqda.

    Jamoat xavfsizligi bosh direktori, general-leytenant Muhammad al-Bassamiy Makkaga kirish uchun haqiqiy ruxsatnomaga (Haj vizasi) ega boʻlmagan 269 mingdan ortiq kishi orqaga qaytarilganini va qariyb 76 ming qoidabuzar hibsga olinganini tasdiqladi. Endi ularni deportatsiya, jarima va 10-yil davomida mamlakatga kirishining taqiqlanishi kabi jazo choralari kutmoqda.

    Al-Bassamiy soʻzlariga koʻra, shuningdek, 252 ta soxta Haj shirkati, 1239 ta qoidabuzar tashuvchi aniqlangan, qariyb 110 mingga yaqin transport vositasi talabga javob bermasligi tufayli Makkaga kiritilmagan.

    Muqaddas qadamjolar xavfsizligini taʼminlash uchun barcha texnik va insoniy imkoniyatlar, jumladan dronlar, kuzatuv kameralari, sunʼiy intellekt yordamida maʼlumotlarni tahlil qilish kabi imkoniyatlar ishga tushirilganini taʼkidlab, “kim xavfsizlikni yoki koʻrsatmalarni buzishga harakat qilsa, unga shafqatsiz qatʼiy choralar koʻriladi”, dedi u.

    Pasport xizmatlari bosh direktori vazifasini bajaruvchi general-mayor Solih Al-Murabba 1-iyun holatiga qirollikka kelgan ziyoratchilar soni 1 mln 475 ming 230 nafarga yetganini maʼlum qildi.

    Islomiy ishlar, daʼvat va hidoyat vazirligi Haj va Umra vazirligi ziyoratchilarni muqaddas qadamjolarda havo harorati yuqori boʻlishidan ogohlantirib, zarur tartib va ​​qoidalarga rioya qilishga chaqirdi.

    Shuningdek, tasdiqlangan ziyorat jadvallariga rioya qilish, muqaddas qadamjolar orasidan sayr qilmaslik va buning oʻrniga rasmiy transport vositalaridan foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

    Vazirlik haj xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyalar mehmonlar xavfsizligini taʼminlash va Haj ziyoratini bemalol bajarishi uchun barcha koʻrsatmalarga rioya qilish muhimligi haqida xabardor etishi zarurligini taʼkidladi.