Saudiya Arabistonining yirik sayyohlik kompaniyasi Oʻzbekiston bilan hamkorlik qiladi

    Xalqaro hamkorlik 15 Mart 2022 1960

    Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan tadbirlar doirasida mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan “Zahid Travel Group” kompaniyasi ish boshqaruvchisi Ahmad Rodiy bilan uchrashuv uyushtirildi.

    Boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida Oʻzbekistonda xalqaro sayyohlikni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Shu oʻrinda Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlar bagʻridagi koʻhna meʼmorchilikning noyob yodgorliklari, shuningdek, oʻlkamizning goʻzal va rang-barang tabiati, Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik amaliy sanʼati anʼanalari, urf-odatlari va bayramlari har yili koʻplab xorijlik sayyohlarni oʻziga jalb etayotgani alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, Oʻzbekistondagi mavjud zamonaviy sayyohlik infratuzilmasiga, jumladan, gastronomik, ekologik, qishki turizm singari sayyohlikning oʻziga xos turlari hamda mamlakatimizda xorijlik sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilganiga ham urgʻu berildi.

    Uchrashuv chogʻida Ahmad Rodiy Saudiya Arabistonidan Oʻzbekistonga sayyohlar yuborish uchun Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatadigan yirik sayyohlik kompaniyasi bilan hamkorlik oʻrnatishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. U Saudiya Arabistonining davlat tashkilotlari yoki xususiy sektor vakillaridan 50 nafardan iborat sayyohlar guruhlarini tashkil etib, Oʻzbekistonga yuborishni rejalashtirayotganini aytdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, “Zahid Travel Group” kompaniyasi 1958-yilda Saudiya Arabistonining ilk sayyohlik agentliklaridan biri sifatida tashkil etilgan. Shundan buyon mazkur kompaniya sayyohlik sohasida katta tajriba orttirdi. “Zahid Travel Group” Podshohlikdagi turli davlat tashkilotlari va xususiy sektor vakillarining xorijiy mamlakatlarga sayohatlarini tashkil etish bilan shugʻullanadi. Mazkur kompaniyada 36 millatga mansub 5 ming nafar xodim mehnat qiladi. Bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan.