Saudiyalik tadbirkor O'zbekistondan quruq mevalar va zafaronni import qilishga qiziqish bildirmoqda

    Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan yurtimizda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlar eksporti hajmini oshirish maqsadida Jidda shahridagi “Vision Development” kompaniyasi bosh direktori Mujahid Xan Abrar Xan bilan uchrashuv tashkil etildi,

    Suhbat davomida jiddalik tadbirkorning e'tiboriga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish yo'lidagi islohotlar, xorijiy importchilar uchun yaratilgan biznes qulayliklar, respublikadagi eksportyorlik muhitining jozibadorligi hamda erkin iqtisodiy hududlar faoliyati haqidagi batafsil ma'lumotlar havola etilgani barobarida O'zbekistondagi “BMB Trade Group” kompaniyasi mahsulotlarining taqdimoti ham o'tkazildi.

    “Vision Development” kompaniyasi bosh direktori Mujahid Xan quruq mevalar va za'faronni O'zbekistondan Saudiya Arabistoniga olib kelishga qiziqish bildirdi. U O'zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik o'rnatish asnosida o'zbek mahsulotlarining Podshohlikka importini yo'lga qo'yishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.

    Xususan, Mujahid Xan “BMB Trade Group” kompaniyasi bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yib, mazkur kompaniyaning Saudiya Arabistonida dillerlik xizmatini ko'rsatishga ham tayyorligini aytdi.

    "Vision Development” kompaniyasi bosh direktori joriy yil 14 sentyabr kuni Jidda shahrida bo'lib o'tadigan O'zbekiston -— Saudiya biznesmenlari uchrashuviga ham taklif etildi. Bu haqida “Dunyo” AA xabar bermoqda.