Uchrashuvda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Pokiston tomoniga Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo, toʻqimachilik sanoati va investitsiyalar masalalari boʻyicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud, Oʻzbekiston tomoniga esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarlik qildi.

Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi, shuningdek, investitsiya, savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, taʼlim, sogʻliqni saqlash va madaniyat sohalarida Oʻzbekiston – Pokiston sherikchiligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar investitsiya va sanoat sohasida hamkorlik qilish koʻlamini bir necha barobar oshirish uchun muhim jihatlarni qayd etdi. Shu oʻrinda, sanoatning turli tarmoqlarida Oʻzbekiston – Pokiston ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish imkoniyatlari atroflicha koʻrib chiqildi.

Shuningdek, oʻzaro savdo hajmini oshirish istiqbollari hamda Oʻzbekiston va Pokistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ilgari surish mexanizmlari muhokama qilindi va shu munosabat bilan yaqin kelajakda Oʻzbekiston – Pokiston qoʻshma biznes-forumini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining barqaror rivojlanishini taʼminlashda strategik ahamiyatga ega boʻlgan “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yoʻl loyihasini amalga oshirishning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muhokama chogʻida tomonlar savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston - Pokiston Hukumatlararo komissiyasining yigʻilishi hamda Oʻzbekiston – Pokiston ishbilarmonlar Kengashining yigʻilishini yaqin vaqt ichida oʻtkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Muzokara yakunida imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi Bitimni hamda ikki mamlakat standartlashtirish va sifat nazorati organlari oʻrtasida muvofiqlikni baholashni oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi Bitimni imzolashga tayyorlash doirasida muhokama qilish jarayonini tezlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, Ishchi guruhining kelgusidagi faoliyati boʻyicha ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida amaliy hamkorlikning aniq mexanizmlarini koʻzda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.