Bosh farzandi Shahnozani turmushga berganiga ham 12 yildan oshib qoldi. Bugun uning bir nafar farzandi bor, u ham bugun 11 yoshni qarshi oldi.

Kuyovi Azizbek oilaparvar, tirishqoq va mehnatkash. Ular oilasiga qoʻni-qoʻshni, tanish-bilishlar havas qilardi. Kutilmaganda, yaʼni tugʻruqdan soʻng Shahnozani tez-tez tobi qochadigan boʻlib qoldi. Tuman va viloyatdagi malakali shifokorlarga uchrashdi. Tashxis aniq, buyrak yetishmovchiligi. Kasallik Shahnozani qiynay boshladi. Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ va nefrologiya boʻlimida davolandi. Ammo, ha deganda natija boʻlavermadi. Bora-bora u butunlay gemodializ apparatiga bogʻlanib qoldi. Bir kun Gulistonda boʻlsa, bir kun Xovosda, xullas 11 yil uzluksiz qatnadi.

Shahnozani otasi Roʻziqul, onasi Gulsin, qaynota-qaynonasi, qolaversa turmush oʻrtogʻi Azizbek tashlab qoʻymadi. Yeldi, yugurdi. Mutaxassislar maslahatiga amal qildi. Malakali shifokor, Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining Gemodializ va nefrologiya boʻlimi boshligʻi, nefrolog Valeriy Anotalyevich Dyagilov unga katta yordam berdi.

— Toʻgʻrisini aytsam, yosh, uning ustiga yosh bolasi, turmush oʻrtogʻi qaynona va qaynotasi bor. Hayotda quvnab va quvonib, turmush oʻrtogʻi, qaynona va qaynotasini xizmatini qilib, farzand tarbiyasi bilan shugʻullanib yuradigan bir paytda, kutilmagan joydan kelgan dard qizimni, qolaversa barchamizni esankiratib qoʻydi, — deya esladi Shahnozani onasi Gulsin Normurodova. — Turmush oʻrtogʻim bilan yoshimiz teng. Ikki nafar farzandimiz bor. Bir qiz, bir oʻgʻil. Ammo ular sogʻ-salomat, durkun oʻsgan. Tugʻruqdan soʻng, qizim buyrak yetishmovchiligi kasali bilan kasallanib qoldi. Mutaxassislar maslahatiga koʻra bu kasalni birdan-bir yoʻli zararlangan buyrak oʻrniga, yaqin qarindosh, yoki biron bir donorni sogʻlom buyragini koʻchirib oʻtkazish ekan. Oʻylanib qoldik. Biz rozimiz, ammo buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti oʻsha paytlari faqatgina rivojlangan davlatlarda bor edi. Donor ham izladik, lekin topa olmadik. Buning ustiga xarajatlar katta. Turmush oʻrtogʻim qurilish sohasida ishlaydi, oddiy ishchi. Men boʻlsam uy bekasiman. Qudalarimiz va kuyovmiz ham xuddi bizdek. Ancha xafa boʻlganman. Oʻzimdan, taqdirimdan.

Shunda taqdir uni kutilmaganda yaxshi insonlarga yoʻliqtirdi. “Nurli kelajak” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Barnoxon Xudoyberdiyeva, nefrolog Valeriy  Dyagilov maslahatiga amal qilib, Xovos tuman hokimiga qizi Shahnozaning sogʻligʻini tiklashga yordam berishni soʻrab murojaat qildi. Uning murojaati javobsiz qolmadi, tuman hokimi, sektor rahbarlari Shahnozani, uning ota-onasi va oilasini oʻrgangach, uni “Ayollar daftariga” kiritdi.

Bu masalani tuman hokimi, tuman kengashi deputatlari hukmiga havola qildi. Ular bir toʻxtamga keldi. “Mahalla” xayriya jamoat fondining Sirdaryo viloyat boʻlimi rahbari va fondning tuman boʻlimi raisi bilan maslahatlashdi. Shahnozani sogʻligʻini tiklash, onadan bolaga buyrak koʻchirib oʻtkazish uchun ketadigan mablagʻ, yaʼni 48 million soʻmni fondning “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan oʻtkazib beriladigan boʻldi.

Natijada jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladigan kun ham aniq boʻldi. Akademik Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professorlari va malakali mutaxassislari joriy yilning avgust oyida Shahnozaga onasi Gulsin Normurodovani buyragini oʻtkazib, uni hayotini saqlab qoldi.

— Hozir, koʻrib turganingizdek, sogʻ-salomatman. Oilam, farzandim, ota-onam, qolaversa yaqinlarim oldidaman. Bundan ortiq baxt bormi, — deydi Shahnoza.

Shahnozaga ikkinchi bor hayot bagʻishlagan onasi Gulsin Normurodova matonatiga tahsin aytmay iloji yoʻq.

Gʻulom PRIMOV, Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati xodimi.