Jumladan, sohaga oid qator muhim huquqiy-meʼyoriy hujjatlar qabul qilinyapti. Yolgʻiz qariyalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ular holidan xabar olish, gʻamxoʻrlik koʻrsatish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilayotir. Ijtimoiy sohaga jamoatchilik eʼtiborini kuchaytirish, manzilli ijtimoiy himoyani kafolatlash davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi direktori oʻrinbosari Bahodir Karimov bilan suhbatimiz tibbiy-ijtimoiy sohani rivojlantirishning muhim omili boʻlayotgan huquqiy-meʼyoriy hujjatlarning ijrosi yuzasidan bajarilayotgan ishlar xususida kechdi.
— Oxirgi toʻrt yilda mamlakatimizda yolgʻiz keksalar, pensionerlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam hamda xizmat koʻrsatishning koʻlami ancha oshirildi. Sohani shunday jadal rivojini taʼminlayotgan qonun va qonunosti hujjatlarida belgilangan vazifalarning ijrosi va natijasi haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
— Konstitutsiyamiz hamda qator huquqiy hujjatlarda tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha meʼyorlar mustahkamlab qoʻyilgani tufayli sohada bajarilayotgan ishlar koʻlami kengaymoqda. Jumladan, Bosh qomusimizning 39-moddasida “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega. Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qoʻyilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz boʻlishi mumkin emas”, deb taʼkidlangani aholini ijtimoiy himoya qilish qonuniy asosga ega ekanini belgilab beradi.
2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining toʻrtinchi yoʻnalishi “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlandi. Uning asosida ulkan samarali ishlar bajarildi. Ijtimoiy soha tubdan isloh qilindi. Aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoyasi hamda keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, ijtimoiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash, jarayonda davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarning huquqini taʼminlaydigan qator hujjatlar qabul qilindi.
— Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligining ayni vaqtdagi faoliyati haqida fikr bildirsangiz.
— Agentlik tuzilmasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tibbiy-ijtimoiy xizmatlar boʻlimlari, tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlar shoʻbalari, urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati, nogironligi boʻlgan shaxslar va keksalar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylari, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika sanatoriylari, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilititsiya qilish va protezlash hududiy markazlari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy boʻlimlari, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi kiradi.
Oʻz-oʻzidan ayonki, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aholining ijtimoiy himoyatalab qatlamiga manzilli yordam koʻrsatish, sohada bajarilayotgan ishlar samaradorligini taʼminlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratish agentlik zimmasidagi eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Birgina oʻtgan yili “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarida vasiylikka olinganlar uchun bayram dasturxonlari yozildi. Jami 325 ta turli maishiy texnika uskunasi yetkazib berildi, 52 ta reabilitatsiya texnika vositasi bilan taʼminlandi. Internat uylariga 1,9 milliard soʻmlik homiylik koʻmagi berildi. Respublika boʻyicha muhtoj fuqarolarga jami 1580 dona nogironlik aravachasi, 829 dona eshitish moslamasi, 1014 dona hassa, 468 juft qoʻltiqtayoq, 130 dona koʻzi ojizlar hassasi, 106 dona xodunok, 3704 dona protez-ortopediya buyumlari yetkazib berildi. Mahalliy hokimliklar va homiylar tomonidan kir yuvish mashinalari, dazmollar, dazmol stollari, muzlatkichlar, televizorlar, kir yoyish moslamalari kabi maishiy texnikalar hamda oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. 600 nafardan ortiq yolgʻizlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning taʼmirtalab uy-joylari taʼmirlandi, oʻzlari bepul tibbiy koʻriklardan oʻtkazildi.
Oʻn yetti ming nafar ogʻir sharoitdagi, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yakka yolgʻiz va yolgʻiz istiqomat qiluvchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning holidan xabar olindi va turli koʻrinishdagi koʻmak koʻrsatildi. Qariyb 3 ming nafardan ziyod keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga bepul sanator yoʻllanmalari ajratildi, 1,8 ming nafar ziyod nogironligi boʻlgan shaxslarga reabilitatsiya markazlarida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tadbirlari oʻtkazildi.
— Barcha sohada koʻplab samarali loyihalar, ulkan oʻzgarishlar, qurilishlar amalga oshirilmoqda. Aynan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sohasidagi oʻzgarish va bunyodkorlik ishlari haqida gapirsangiz.
— Ayrim mamlakatlarda aholining ijtimoiy himoyasiga, ijtimoiy masalalarni hal etishga eʼtiborsiz qarash, notoʻgʻri yondashuvlar juda katta ijtimoiy tanglikni keltirib chiqargani koʻpchilikka maʼlum. Mamlakatimizda esa har yili davlatimiz byudjetining yarmidan ziyodi ijtimoiy sohalarni moliyalashtirishga sarflanadi. Oʻsha mablagʻlarning maʼlum bir qismi imkoniyati cheklangan fuqarolarning oʻksik koʻnglini koʻtarishga qaratilgan eng dolzarb masalalar hal etishga yoʻnaltiriladi. Natijada esa mavjud 33 ta temir yoʻl vokzalida nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻsiqsiz harakatlanishi uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar yaratilgan. Toshkentdagi Janubiy va Shimoliy vokzallar hamda Samarqand temir yoʻl vokzalida moslashlashtirilgan yerosti oʻtish yoʻlaklari tashkil qilingan. Barcha temir yoʻl vokzallari maxsus aravachalar bilan taʼminlangan. Ushbu aravachalar harakatlanishi uchun alohida yoʻlaklar tashkil etilgan. Toshkentdagi Janubiy hamda Namangan temir yoʻl vokzallarida yoʻlovchilarning erkin harakatlanishlari uchun yuqoriga hamda pastga harakatlanuvchi qurilma ishga tushirilgan. Toʻrtta “Afrosiyob” elektropoyezdining har birida ikkitadan moslashtirilgan oʻrinlar ajratilgan. Xalqaro hamda mahalliy yoʻnalishlarda harakatlanuvchi yoʻlovchi poyezdlarini moslashtirish maqsadida 2 dona “nogironligi boʻlgan yoʻlovchilar vagoni” xarid qilindi. Ularning har birida nogironligi boʻlgan yoʻlovchilar uchun 2 tadan joy mavjud. Toshkentdagi Janubiy va Shimoliy temir yoʻl vokzallarida 4 ta surdo-onlayn tarjimonli planshetlar oʻrnatilgan. Respublikamizning barcha aeroportlarida Xalqaro aviatransport assotsiatsiyasi talablariga va ichki normativ hujjatlarga muvofiq, nogironligi boʻlgan shaxslarning harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Har bir aeroport va aerovokzallarga kirish va chiqish hududida panduslar oʻrnatilgan, alohida moslashtirilgan hojatxona va moslamalar mavjud. Barcha aeroportlarda nogironligi boʻlgan shaxslarga navbatsiz xizmat koʻrsatish, uzluksiz tibbiy xizmat tizimi yoʻlga qoʻyilgan, moslashtirilgan aravachalar bilan taʼminlangan. Toshkent va Navoiy aeroportlari jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni havo kemasiga chiqarish va tushirish uchun ambulift mashinalari bilan jihozlangan.
Shuningdek, Qarshi shahridagi “Qarshi”, Urganch shahridagi “Urganch” sanatoriylarning moddiy texnik bazasini yaxshilanib, ularning har birida yetarlicha tibbiy anjomlar, uskunalar oʻrnatilgan. Ana shunday sanatoriylarning yana biri yaqinda Buxoro viloyatida oʻz faoliyatini boshlaydi. 4 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bolalarni qabul qilishga moʻljallangan, 150 oʻrinli Qumqoʻrgʻon “Muruvvat” bolalar internat uyi foydalanishga topshirildi. Ushbu maskanda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga davlat byudjetidan 15,5 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
2000-yildan buyon umuman kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmagan, ancha taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan, 300 oʻringa moʻljallangan Qoʻqon “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi 2020-2021-yillarda qurilish rekonstruksiya qilish dasturiga kiritilgan. Natijada joriy yilning boshida ushbu maskanning yangi binosi foydalanishga topshirildi. Keng jamoatchilik vakillari hamda nuroniylarning duolari bilan boshlangan mazkur ikki qavatli, 80 oʻringa moʻljallangan binoni bunyod etish uchun davlat byudjetidan 4,5 milliard soʻm mablagʻ sarf etildi. Qurilish tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli tibbiy-ijtimoiy muassasalarda bir yilda amalga oshirilgan qurilish-rekonstruksiya ishlari hajmi 47,6 milliard soʻmdan 91,9 milliard soʻmgacha boʻlgan mablagʻni tashkil etmoqda.
— Kyelgusida agentlik oldida turgan vazifalar haqida qisqacha fikr bildirsangiz.
— 2021-yilda ham agentlik nogironlikning oldini olish, nogironligi boʻlgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya hamda tibbiy-ijtimoiy yordam choralarini amalga oshirish sohasida kompleks dasturlarni ishlab chiqishda bundan-da faol ishtirok etadi. 120 ming nafar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar tibbiy-ijtimoiy xizmat bilan qamrab olinadi. Keksalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordamning yangi shakl va mexanizmini tatbiq etish, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalarini reabilitatsiya qilish faoliyati yana-da muvofiqlashtiriladi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda internat uyiga qabul jarayonlari va internat uyida davlat taʼminotiga olingan shaxslarning avtomatlashgan yagona maʼlumotlar bazasi yaratiladi. Internat uyiga rasmiylashtirishda fuqaro bilan xizmat koʻrsatuvchining bevosita muloqotini keskin kamaytiriladi, bosqichma-bosqich elektron hujjat almashinuvi onlayn rejimda Yagona davlat xizmatlari tizimi orqali amalga oshiriladi. Muassasada toʻliq davlat taʼminotiga olingan keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarga har tomonlama yordam berish va ularni himoya qilish, parvarish qilish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Tibbiy reabilitatsiya tizimini tubdan yaxshilash hamda “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida muntazam ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazish va sogʻlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
Anvar QOBILOV suhbatlashdi.