Saygʻoq — Oʻzbekiston Qizil kitobi va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN)) Qizil roʻyxatiga kiritilgan, yoʻqolib borayotgan noyob hayvon turi hisoblanadi. Saygʻoqlar Ustyurt platosi, Sharqiy va Janubiy Qoraqalpogʻiston, qurib qolgan Orol dengizi tubining choʻl va yarim choʻl hududlarida yashaydi. Ilgari soni koʻp boʻlgan va Qizilqum, Sirdaryo daryosi qirgʻoqlarida, jumladan, Fargʻona vodiysining tekislik qismida ham yashagan. 1990-yildan boshlab uning soni 99,5%ga kamaygan.
Qozogʻistonning shimoliy hududlaridan koʻchib keladigan hayvonlar soni har yili ob-havo sharoitiga qarab oʻzgaradi. 2016-yilda transchegaraviy Ustyurt populyatsiyasi soni 1900 boshni tashkil etgan. Hozirda esa “Yarim-Orol“ va Orol dengizining qurigan hududlari tubida taxminan 200 saygʻoq qolgan.
Maʼlumot uchun: “Orolqum“ Milliy tabiat bogʻi 2022-yil mart oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida tashkil etilgan. Bu hududda 25 xil hayvon yashaydi, ulardan 4 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Orol hududida eng keng tarqalgan hayvon bu — saygʻoqdir.