Ushbu manba Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi koʻmagida 2020-yil fevral oyida tashkil etilgan “Saylovdan olingan saboqlar” hududiy dasturi asosida ishlab chiqilgan.

Oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan risola 5 ta boʻlim, 24 ta bobdan iborat boʻlib, unda 2019-yil 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish, oʻtkazish va natijalarini eʼlon qilish bilan bogʻliq bosqichlar batafsil tahlil qilingan. Shu bilan birga risolada erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalar oʻrin olgan.

Risolada shuningdek, mazkur saylov jarayonlarida ilk marotaba sinov shaklida qoʻllanilgan yangi tajriba va saylovchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar ham oʻz aksini topdi.

Taʼkidlash joiz, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish samaradorligi masalalarini muhokama qilish maqsadida barcha hududlarda saylov jarayonining tashkilotchilari va ishtirokchilari, shu jumladan barcha darajadagi saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jalb qilingan davlat idoralari vakillari ishtirokida 14 ta davra suhbatlari tashkil etildi.

Muhokamalar saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni aniqlash, shuningdek saylov qonunchiligi va amaliyotini yana-da takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish imkonini berdi va ular risolaga kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi milliy, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning tavsiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi va ular mazkur axborot bilan birga saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish boʻyicha navbatdagi choralarni aniqlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Axborotning elektron shakli bilan Markaziy saylov komissiyasining rasmiy-veb saytidagi quyidagi http://elections.uz/uz/lists/view/3668 havola orqali tanishishingiz mumkin.

Markaziy saylov komissiyasi

matbuot xizmati