Shu yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning tashkiliy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishlari haqida soʻz yuritganda, birinchi navbatda, saylov qonunchiligi va unga kiritilgan muhim oʻzgarishlarni aytish lozim boʻladi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish, davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi belgilangan. Shuningdek, xalq irodasi hokimiyatning asosi boʻlishi, bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yoʻli bilan yoki ovoz berish erkinligini taʼminlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida oʻtkaziladigan saylovlarda oʻz aksini topishi lozimligi mustahkamlangan.

Doimiy ravishda saylov oʻtkazish demokratik jamiyatning belgisidir. Demokratiya – bu xalq hokimiyatchiligi. Haqiqatan, demokratiyani saylov huquqining umumeʼtirof etilgan prinsiplarga muvofiq oʻtkaziladigan va demokratik tusga ega saylovlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu, ayniqsa, saylov jarayonlarini tashkil etishda har tomonlama puxta oʻylangan strategik qarorlarni qabul qilishni taqozo etadi.

Aytish kerakki, saylov jarayonlari ommaviy yigʻinlar yoki turli obyektlarning qoʻldan qoʻlga oʻtishi bilan bogʻliq. Shu sababli ushbu tadbirlarni tashkil etishda ehtiyot choralarini koʻrish zarur. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu borada jahon tajribasi har tomonlama oʻrganib chiqildi va saylovchilar hamda saylov tashkilotchilarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida Prezident saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqildi.

Yoʻriqnomaga muvofiq, saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida haroratni oʻlchash uchun termometr, pirometr, himoya niqobi bilan taʼminlangan, saylov komissiyasi aʼzolari bir martalik tibbiy qoʻlqop, antiseptik suyuqlik kabi himoya va profilaktika vositalaridan foydalanishi belgilangan. COVID-19 tarqalishi xavfini kamaytirish choralari ijtimoiy masofani saqlash bilan taʼminlanadi. Shuningdek, saylov jarayoni ishtirokchilari himoya niqoblaridan foydalanishi, qoʻl berib salomlashish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga kirishishning boshqa shakllaridan saqlanishi zarur.

Ovoz berish binosining kirish qismida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha tavsiyalar aks etgan plakatlarni joylashtirish, televideniye, radio, gazetalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida aholiga tushuntirish ishlari olib boriladi.

Koronavirus infeksiyasidan statsionar davolash muassasalarida davolanayotganlar va ushbu maskanlarning ishchi-xodimi boʻlgan saylovchilarning ovoz berishini tashkil etish uchun bu yerda ham saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. Yashirin ovoz berishni tashkil qilish uchun ushbu toifadagi binolarda koʻchma ovoz berish kabinalaridan foydalaniladi.

Bunday muassasalarda tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish ularning ichki tartib-qoidalariga hamda tasdiqlangan sanitariya qoida va meʼyorlari talablariga qatʼiy amal qilgan holda oʻtkaziladi.

Bugungi kunda saylov uchastkalarida saylovchilar oʻrtasida ijtimoiy masofa saqlash uchun maxsus chiziqlar chizilgan, tibbiyot xoldimlari biriktirilgan, ular pirometrlar, himoya va dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlangan. Binolar oldindan dezinfeksiya qilinadi, saylovchi uchun ovoz berish binosi sanitariya talablariga toʻla javob beradi. Bu esa ushbu hudud har tomonlama xavfsiz va ovoz berish uchun qulayligini bildiradi.

Taʼkidlash zarurki, boʻlajak saylovda saylovchilarning xohish-irodasini erkin ifoda etishi hamda oʻzining munosib nomzodi uchun ovoz berishiga barcha sharoitlar yaratilgan. Asosiy eʼtibor saylovchining salomatligi muhofazasi va saylovning demokratik tamoyillariga ogʻishmay rioya qilishga qaratilgan.

Zero, ushbu saylov orqali xalqimiz mustaqil Oʻzbekistonning kelgusi taraqqiyoti kafolatini belgilovchi muhim qarorni qabul qiladi.

Bahodirjon YUNUSOV,

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi