Saylovoldi tashviqoti qanday tashkil etiladi?

    Eʼtibor beradigan boʻlsak, saylovoldi debatlari tushunchasi Saylov kodeksida keltirilmagan.

    Maʼlumki mamlakatimizda joriy yilning 24-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 44-moddasiga asosan saylovoldi tashviqoti nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi. Yaʼni, qonunchilikka koʻra saylovga 35 kun qolganida nomzodlarni roʻyxatga olish toʻxtatilib, saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Demak nomzodlarni 19-sentyabrgacha roʻyxatdan oʻtkazish mumkin boʻlib, 20-sentyabrdan boshlab 22-oktyabrgacha siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari oʻzlarining saylovoldi tashviqotlarini yuritishlari mumkin. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.

    Qonunchilikka asosan, saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir. Bunda prezidentlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari oʻzlarining saylovoldi dasturlari bilan saylovchilar bilan bevosita, joylarda uchrashuvlar tashkil etgan holda va bilvosita, OAV orqali muloqotga kirishadilar. Albatta qonunchiligimizda saylovoldi tashviqotlar jarayonida ishtirok etishi taqiqlangan shaxslar roʻyxati belgilangan boʻlib, ular davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning, saylov komissiyalari aʼzolarining, diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga oʻz mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishiga yoʻl qoʻyilmasligi mustahkamlangan.

    Saylov kodeksida tashviqot olib borishning turlari, shakllari va usullari haqida normalar mavjud boʻlib, unga koʻra tashviqot omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yigʻilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin. Undan tashqari ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻi orqali, bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish va saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

    Eʼtibor beradigan boʻlsak, saylovoldi debatlari tushunchasi Saylov kodeksida keltirilmagan. Lekin jahon tajribasiga murojaat qiladigan boʻlsak, Fransiyada 1958-yildan, AQSHda 1960-yildan, Germaniyada 2008-yildan, Rossiya Federatsiyasida 2009-yildan va Buyuk Britaniyada 2010-yildan beri tashkil qilinib kelmoqda. Saylovoldi debatlari xar xil bosqichlarda amalga oshirilib, AQSHda bu 3 bosqichni tashkil etadi. Anʼanaviy tarzda birinchi bosqich ichki siyosatni oʻz ichiga olsa, keyingisida tashqi siyosat masalalari muhokama qilinadi. Odatda uchinchi bosqich debatlarida majburiy tarzda mavzu belgilanmaydi. Ushbu debatlarni tashkil qilish uchun hattoki “Prezident debatlarini oʻtkazish boʻyicha komissiya” faoliyat yuritadi. Debatlarda Prezidentlikka nomzodlar oʻzlariga berilgan savollarga belgilangan vaqt ichida javob berishlari, muhokama qilishlari bilan saylovchilarning eʼtiborini tortadilar. Bunda saylovchilar nomzodlarning saylovoldi dasturidagi amalga oshiriladigan tadbirlarning faqatgina nomi emas, balki ularni amalga oshirish mexanizmlari haqida ham maʼlumotga ega boʻladilar. Bu amaliyot saylovchilarning qaysi nomzodga ovoz berishi kerakligi haqidagi aniq siyosiy xulosaga kelishiga undaydi.

    Fuqarolar tashkil etilgan saylovoldi kampaniyasidagi barcha tadbirlarda faol qatnashishlari birinchidan, ularni kelgusi yillarda qanday oʻzgarishlar kutayotganini; ikkinchidan, mamlakat fuqarolari toʻgʻri siyosiy yoʻlni tanlagani; uchinchidan, davlat va jamiyat rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshishiga mustahkam omil hisoblanadi. Bu orqali fuqarolarimiz oʻzlarining siyosiy qarashlari, oʻz taqdirini erkin belgilash imkoniyatiga va oxir oqibatda mamlakat farovonligining faol tashabbuskoriga aylanishiga olib keladi. Shunday ekan Yangi Oʻzbekistonimizning kelajagini yaratishda yurtdoshlarimizni faollikka chorlaymiz va saylovda faol qatnashishlarini soʻrab qolamiz.

    Sherzod JOʻRAYEV,

    TDYUU kafedra mudiri v.v.b.,

    yuridik fanlar nomzodi