Chunki, avvallari, ekologiyaga ulkan taʼsir koʻrsatadigan keng koʻlamli loyihalar, va, umuman, katta-kichik ishlar hech qanday muhokamasiz, shovqin-suronsiz, imi-jimida salqin kabinetlarda tezda tasdiqlanib ketardi.
Bu vaqt ichida loyiha Chorvoqning ekologik holatiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligi borasida turli fikrlar, eʼtirozlar va xavotirlar bildirildi. Eng katta xavotir shundaki, loyiha doirasidagi infratuzilma obyektlaridan chiqadigan oqova suvlar Chorvoq suv omboriga tashlanadi. Bu esa — uch milliondan ortiq Toshkent shahri aholisi va tabiatiga asosiy ichimlik suvi yetkazib beruvchi Chorvoq uchun katta tahdid degani.
Rasmiylar loyiha alohida nazorat ostida boʻlishi, ekologik xavfsizlik esa doimiy nazorat qilinishi haqida bayonotlar berishdi. Ammo bular faqat ogʻzaki vaʼda sifatida qabul qilindi, jamiyat, ayniqsa, tanqidiy qaraydigan qatlam bu gaplarga ishonmadi.
Ammo kuni kecha bu borada tub burilish yuz berdi — Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Sea Breeze” loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan hujjat eʼlon qilindi.
Hujjatga koʻra, loyihaning ekologik talablarga qatʼiy rioya qilinishi shart etib belgilangan. Xususan, chiqindilar va oqova suvlarning Chorvoq suv ombori hamda Chirchiq daryosiga tashlanishiga toʻliq taqiqlanadi. Agar investor ushbu talablarni buzsa, loyiha toʻxtatiladi va yer ijarasi bekor qilinadi. Yaʼni, ekologik talablar bajarilmasa — loyiha ham boʻlmaydi.
Bu esa investorga juda aniq signal beradi: ekologik xavfsizlik — muhokama qilinmaydi
Bundan ham muhimrogʻi, qaror Chorvoq hududida faoliyat yuritayotgan barcha subyektlarga tegishli talablarni qoʻymoqda(oʻtgan yili Chorvoq 12 millionga yaqin sayyohni qabul qilgan).
Bu yerda yuzlab dam olish maskanlari, mehmonxonalar, pansionatlar va dachalar haqida soʻz ketyapti — ularning baʼzilari hatto Sovet davrida qurilgan. Oʻylaymanki, ularning hammasi emas, lekin anchagina qismi shu vaqtga qadar ekologik normalarga rioya qilmaydi va oqova suvlarni bevosita Chorvoqqa yoki uni oziqlantiruvchi daryolarga tashlaydi. Bu achchiq haqiqat afsus!
Hujjatda quyidagilar belgilanmoqda:
- “Ekologiya vazirligi va Qurilish vazirligi birgalikda suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya hududlariga oid talablarga rioya etilishini taʼminlashi, muhofaza etiladigan tabiiy obyektlar, suvni muhofaza qilish va sanitariya zonalarida qurilish ishlari olib borilishiga yoʻl qoʻymasligi, suv omboriga oqova suvlar tashlanishini qatʼiy nazoratga olishi shart.”
Shuningdek, Bosh prokuratura bilan birgalikda yuqorida nomi keltirilgan ikki vazirlikka quyidagi vazifalar yuklatilgan:
- Chorvoq suv ombori va uning muhofaza hududiga maishiy va sanoat chiqindilari, oqova suvlar tashlanishining oldini olish uchun doimiy va har tomonlama nazorat oʻrnatish;
- Atrof-muhitni ifloslanishdan himoya qilish, sanitariya-ekologik meʼyorlarga rioya qilinishini taʼminlash va sogʻlom ekologik muhitni saqlab qolish choralarini koʻrish;
- Barcha qurilgan obyektlar, jumladan, yangi qurilishlar boʻyicha inventarizatsiya oʻtkazish, ekologik normalarni buzayotgan obyektlarni bartaraf etish va masʼul shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrish.
- “Sea Breeze” loyihasiga qaytadigan boʻlsak, investor tomonidan qurilishning belgilangan muddati buzilgan taqdirda ham yer ijarasi hech qanday kompensatsiyasiz bekor qilinadi. Bu esa investor uchun qurilishni oʻz vaqtida yakunlashiga ochiq va aniq ishoradir.
Shuni tushunishimiz kerakki, ekologik talablar toʻliq bajarilgan holda bu loyiha minglab yangi ish oʻrinlari, milliardlab investitsiyalar va qurilish hamda turizm sohalarida zamonaviy texnologiyalarni jalb etish imkonini beradi.
Bir necha hafta avval men Chorvoqda boʻldim. Koʻrdimki, qirgʻoq boʻylari juda ifloslangan: sayyohlar maishatidan keyin tashlab ketgan oziq-ovqat qoldiqlari, turli chiqindilar tonnalab yoyilib yotibdi. Hatto ayrim joylarda qirgʻoq boʻylab qarovsiz yurgan qoramollarni ham koʻrdim. Maʼlum boʻlishicha, suvda sigir jasadlari topilgan holatlar ham boʻlgan. Skuterlar suv ustida kun boʻyi nazoratsiz yurish esa hali-hanuz insoniy fojialarga olib kelmoqda — yosh yigitlar va qizlar halok boʻlishadi.
Shu sababli meningcha, Chorvoq atrofidagi sayyohlik infratuzilmasi qanchalik rivojlansa, bunday uyatli “manzaralar“ shuncha kamroq boʻladi.
Xulosa oʻrnida aytmoqchimanki, va Sizni eʼtiboringizni boshqa jihatga qaratmoqchiman: biz ijtimoiy tarmoqlarda kuzatgan “Sea Breeze” loyihasi atrofidagi keng muhokamalar — bu yaxshi. Bu — bizning fuqarolik jamiyatimiz ulgʻayayotganining yaqqol belgisi. Bu — Chorvoqning kelajagi hammamiz uchun muhimligini koʻrsatadi. Va hukumat jamoatchilik fikriga quloq tutib, loyihani tartibga soluvchi rasmiy hujjatga kerakli bandlarni kiritgani — bu ham olqishga loyiq.
Ammo siyosatshunos mutaxassis va axboriy xurujlar kelib chiqishi tahlilchisi sifatida aytmoqchimanki, shu bilan birga, hushyor va eʼtiborli boʻlishimiz kerak. Ekologiyani himoya qilish niqobi ostida bir qator manipulyativ postlar ham paydo boʻldi.
Vaziyatga rasmiy izoh berilishidan ancha oldin, bu postlarda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi qardoshlik va suverenitetimizga putur yetkazishga qaratilgan chaqiriqlar yangradi.
Qiziq tomoni — bundan 3-4-yil avval Chorvoqni alohida muhofazadagi tabiiy hudud deb eʼlon qilish taklifi chiqqanida, aynan shu manipulyatorlar “endi qayerda choʻmilamiz?” deya baqir-chaqir boshlashgan edi.
Shuni anglab yetishimiz kerakki, bugungi kunda xalqning noroziligidan foydalanib, jamiyatimizning maʼlum bir qatlamidagi nostalgik kayfiyatlardan foydalangan holda oʻz buzgʻunchi muammolarini ilgari surayotgan “uchinchi kuchlar” koʻpayib bormoqda. Bunday manipulyatsiyalarni faqat “Sea Breeze” holatida emas, boshqa masalalarda ham tez-tez uchratyapmiz. Bunga qarshi yetuk fuqarolik jamiyati sifatida qatʼiy munosabat bildirishimiz va bunga yoʻl qoʻymasligimiz zarur. Biz bu axborot hujumlari va bu masalalarda sodda insonlar bilan manipulyatsiya qilish istagi ortidan kimlarning quloqlari chiqib turganini aniq koʻra bilishimiz kerak.
P.S. Oʻzimcha oʻyladim..
- Nahotki, eng yuqorida oʻzimizga qarshi qaror qabul qilinsa?
- Nahotki, ikki qardosh Millat birlashib bir yaxshi ish qilsayu biz halitdan unga qarshi boʻlsak?
- Nahotki, biz butun umr Turkiya, Maldiv, Seyshel, Vyetnamlarga havas qilsakda, oʻzimizda oʻzimizga boʻlishiga ravo koʻrmasak? va hamon yovvoyi ibtidoiy uslubda eskicha dam olishni nostalgiyasi qumsasa..
- Nahotki, biz bugun 21 asrda 18 asrdagidek yangilik va zamonaviylikdan qoʻrqib yashasak (afsus bizni xonlik va amirligimiz boshini shu yegan).
- Nahotki, bizni ochiq koʻzlarimiz shu loyihaga xalqni qarshi gijgijlatayotgan “buyuk mutaxassislar” populist va marginal ekanligini koʻrmayapmiz? Axir uchinchi taraflar manfaatiku bu!
Hamkasblarimga savol: nahotki kimdir yo qandaydir kuch choʻntagida 5-10 dollar puli boʻlsa bizni jamiyatni shunday axboriy toʻfonga duchor qila oladimi? Biz nimaga kerakmiz unda? Yo zamona shu ekan, bloger va inflyuyenserlar ishi bu deb pisib oʻtiraveramizmi kundan kunga oʻrnimizni yoʻqotib? Qaysi birimiz tahririyatdagi salqin xonadan chiqib Chorvoqda yashaydigan aholi, xolis ekologlar, prokuratura xodimlari bilan suhbatlashdik?
Demokratik va fuqarolik jamiyati qurish ishi Cherchill aytganidek oson ish emas ekan, ammo biz shu yoʻlni boshqalardan kechroq boʻlsada bosib oʻtayapmiz muhimi..
Uzr, mening fikrim va “nahotki“larim boshqalarnikidan diametral farqlanishi mumkin, kimgadir yoqmas, ammo bu meni rakursim va munosabatim, ozgina oqimga qarshi yurish odatim bor.
Sherzodxon Qudratxoʻja









