Senatning yalpi majlisida “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish hamda isteʼmolchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan bugungi kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bogʻliq qonunbuzarliklar salmogʻi ortib boryapti.

Xususan, Bosh prokuratura tomonidan 2022-yil va joriy yilning oʻtgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari boʻyicha 433 ta jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. Ushbu koʻrsatilgan jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 milliard soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.

Shuningdek, suv taʼminoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan shaxslardan 7 milliard 144 million soʻmlik qoʻshimcha toʻlovlar undirilgan.

Amaldagi Jinoyat kodeksida belgilangan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarining yetarli emasligi bunday jinoyat sodir etib, davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan bugungi kunda tegishli choralar koʻrish imkoniyatini bermayapti.

Shu sababli energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik, bu boradagi vakolatli organlarning koʻrsatmalarini bajarmaganlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati vujudga kelganligi alohida qayd etildi.

Mazkur Qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda oʻgʻrilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutiladi.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf koʻrishga qaratilgan maqsad ekanligi belgilanmoqda.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar boʻyicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanyapti.

Sohada davlat nazoratini toʻliq taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Oʻzenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma koʻrsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni koʻrib chiqish vakolati sudlarga berilishi muhokama markazida boʻldi.

Shuningdek, senatorlar elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga oid vakolatlar sudlardan Oʻzenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga oʻtkazilayotganligiga alohida eʼtibor qaratdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.