Senat Raisi BMTning savdo va taraqqiyot konferensiyasi Bosh kotibi bilan uchrashuvda muhim masalalarini ilgari surdi

    Ayni kunlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqning 149-assambleyasida faol ishtirok etyapti.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi nafaqat assambleya doirasidagi debat va sessiyalarida ishtirok etyapti, shu bilan birga xalqaro tashkilotlar vakillari hamda parlamentlar rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazyapti.

    Jumladan, Senat Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot konferensiyasi Bosh kotibi Rebekka Grinspan bilan uchrashdi.

    Unda Markaziy Osiyoda ilk bor Oʻzbekiston mezbonlik qilgan Kreativ iqtisodiyot boʻyicha IV Butunjahon anjumanining yuqori saviyada tashkil etilganligi alohida eʼtirof etildi.

    Shuningdek, mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar, sohani rivojlantirish boʻyicha qonunning qabul qilinishiga ham toʻxtalib oʻtildi.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot konferensiyasi hamkorligida mamlakatlar oʻrtasida innovatsiyalar, texnologiyalar, kadrlar salohiyatini yuksaltirish boʻyicha tajriba almashish masalalari muhokama etildi.

    Shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ijodiy texnoparklarning global tarmogʻini yaratishga oid takliflar yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.