Dastlab viloyat hokimligi binosida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan olib borilayotgan ishlar muhokamasi boʻyicha sektor rahbarlari, shahar, tuman hokimlarining xotin-qizlar boʻyicha maslahatchilari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash, bandlik hamda xalq taʼlimi vazirliklarining hududdagi masʼullari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda “Ayollar daftari”dagi mavjud kamchiliklar tahlil qilindi. Qayd etilganidek, hududlardagi ayollarni faqatgina tibbiy koʻrikdan oʻtkazish emas, balki ular salomatligini jiddiy nazoratga olish, kasalliklarni aniqlash va ularni davolash masalalarini yechish, nafaqat oʻzlari, balki ular oila aʼzolari, farzandlarining ham tibbiy koʻrikdan oʻtkazish muhimdir. Daftarlardagi har bir oila bilan jiddiy shugʻullanish, ularga psixologik yordam koʻrsatish, har biri bilan suhbatlashish lozim. — Daftarlardagi oilalarga bir marta qoʻl uchida yordam koʻrsatib, ularni daftarlardan chiqarish emas, balki har bir oilani muntazam nazoratga olib, ularga barcha yoʻnalishlarda tegishli koʻmaklarni berib borish lozimdir dedi – T.Narbayeva.
Shundan soʻng, ishchi guruh aʼzolari Yangiariq tumanida boʻlib, “Global Food Impex” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 80 gektar maydonga ega issiqxona faoliyati bilan tanishishdi. Mazkur korxonada ishlayotgan xotin-qizlar bilan uchrashib, ular uchun yaratilgan sharoitlar oʻrganildi. Aytish joizki, 2019-yilda ishga tushirilgan 10 gektar issiqxonaga ayni damda bodring koʻchatlari ekilgan. Yana 104 gektar maydonda qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanish arafasida. Asosan 2021-2022-yil uchun 53 million dollar miqdoridagi poliz mahsulotlarini Rossiya va Qozogʻiston davlatlariga eksport qilish koʻzda tutilgan. Qayd etilganidek, bu yerda tez kunlarda ishchilar soni 260 nafardan 1460 nafarga yetadi.
Senat Raisi Yangiariq tumanidagi “Kattabogʻ kulolchilik markazi”da ham boʻldi. Bugun respublikamizning qaysi hududiga bormang, zangori kulolchilik namunalari bilan bezatilgan zamonaviy va tarixiy obidalarga koʻzimiz tushadi. Bularning aksariyatida kattabogʻlik kulollarning hissasi bor. Senat Raisi markaz faoliyati, hunarmandlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va “Kattabogʻ kulollari” sulolasining 8 — avlodi Bahodir Otajonov bilan suhbatlashdi.
Shundan soʻng, ishchi guruh Xiva shahridagi 450 ga yaqin aholi mehnat qilayotgan “Xiva gilamlari” kombinatida ham boʻlishdi. Bu yerdagi ishchilarning yarmidan koʻpi xotin qizlar shuningdek, “Ayollar daftari”da roʻyxatda turuvchilardir. Korxona oyiga 3,5 milliard soʻmlik gilam va gilam mahsulotlarini nafaqat ichki bozor balki, eksport uchun ham yetkazib beryapti.
Oʻzbek mumtoz adabiyoti, milliy madaniyati, maʼnaviyati va maʼrifati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ shoir, tarixnavis, tarjimon, davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy tavalludining 210-yilligi arafasida Xivada Ogahiy nomli ijod maktabi binosi foydalanishga topshirilgan edi. Ishchi guruh aʼzolari ushbu maktabda ham boʻlishdi.
Oʻzbek tili va adabiyoti hamda xorijiy tillarni chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan ushbu maktab-internatida 220 oʻringa moʻljallangan oʻquv bino, 100 oʻrinlik yotoqxona va oshxona, kutubxona, bosmaxona, sport zali va yozgi sport maydonchalari mavjud. Ijod maktabida yosh iqtidor egalari adabiyot, ilm-fan sirlarini oʻqib oʻrganadi.
Tashrif doirasida shuningdek, Qoʻshkoʻpir tumanidagi hunarmand ayol xonadonida boʻlib, oilaviy korxona faoliyati hamda “Obod mahalla” dasturi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish, “Ayollar maslahat Kengashi” aʼzolari va faol xotin-qizlar bilan uchrashish ham koʻzda tutilgan. Tashrif davom etadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.