Senat Raisi YeI vakillari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 30 May 2023 776

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda Yevropa Ittifoqining terrorizmga qarshi kurash boʻyicha muvofiqlashtiruvchisi Ilkka Salmi bilan uchrashdi.

    Muloqot davomida mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarining turli yoʻnalishlari, xususan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

    Senat Raisi Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida keyingi yillarda turli darajadagi muloqot faollashganini taʼkidlab, Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari, xususan, Yevropa Kengashi, Yevropa Ittifoqi komissiyasi va Yevropa parlamenti vakillarining Oʻzbekistonga amaliy tashriflari, mamlakatimiz hukumati va parlamenti vakillarining esa Yevropa Ittifoqiga tashriflari amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.

    – Biz Oʻzbekiston va Yevropa parlamenti oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani davom ettirish tarafdorimiz. Bu borada “Oʻzbekiston – “Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorligi qoʻmitasi doirasida tashkil etilgan muloqot muhim oʻrin tutadi – deya taʼkidladi T.Narbayeva.

    Oʻz navbatida Terxi Xakala samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatida faol ishtirok etayotgani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, Yevropa Ittifoqining yetakchi kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb etishga katta ahamiyat berilishini bildirdi.

    – Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonda kechayotgan tub demokratik yangilanishlarni toʻla qoʻllab quvvatlaydi va bu borada Oʻzbekistonning barcha sohalarda xalqaro umumeʼtirof etilgan prinsiplarga sodiqligini olqishlaydi. “Yevropa Ittifoqi – Oʻzbekiston” muloqotini amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdorimiz, – deb alohida taʼkidladi Terxi Xakala.

    Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar boʻyicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.