Senat Raisi Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Yanvar 2021 1536

    2021-yil 15-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Narbayeva Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hamid Nayirobodiy bilan uchrashdi.

    Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Eron parlamentlarida doʻstlik guruhlarining tashkil etilishi parlamentlararo munosabatlarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Xususan, ularning faoliyati qonun ijodkorligi, parlamentarizm, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini izlashga qaratilgan, shuningdek, tajriba almashish yuzasidan ham doimiy muloqotlar olib borish yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Eron Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar kengayib, siyosiy sohadagi sermahsul muloqotlar faollashganini ijobiy baholadi. Bundan tashqari, Prezidentimiz rahnamoligida jadal surʼatlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, shu jumladan, Oʻzbekistondagi majburiy mehnat muammosini bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan samarali ishlar va erishilgan natijalar hamda bolalar mehnatiga barham berilganini alohida eʼtirof etdi.

    Tomonlar ikki mamlakat parlamentlari aʼzolari oʻrtasida barcha darajalardagi aloqalarni tizimli davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, parlamentlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish, umuman, Oʻzbekiston – Eron aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirishda parlamentlararo munosabatlar oʻz hissasini qoʻshishini qayd etdi.

    Uchrashuvda hamkorlikni yana-da rivojlantirish yoʻnalishlari muhokama qilindi. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoya va turizm, madaniy-gumanitar sohalarda ikki davlat aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish imkoniyatlari haqida barcha darajalardagi siyosiy muloqotni faollashtirish, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish ham shular jumlasidandir.