Uchrashuvlar davomida soʼnggi yillarda respublikamizda amalga oshirilgan islohotlar, yirik ijobiy oʼzgarishlar, inson qadrini ulugʼlash, inson, jamiyat va davlat tamoyiliga oʼtilgani, yoshlar va xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, nuroniy onaxon va otaxonlarga berilayotgan eʼtibor, ayniqsa ushbu jarayonlarning huquqiy asoslarini yaratishi, mavjudlarini takomilashtirish borasidagi ishlarga, xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarining mazmun-mohiyatiga toʼxtalib oʼtildi.

Dastlab, Senat Raisi viloyatdagi uchrashuvlarni Xovos tumanining “Chamanzor” MFY aholisi bilan uchrashuvdan boshladi. U yerda yurtimizda soʼnggi yillarda yoshlar va xotin-qizlarga yaratilayotgan keng imtiyoz hamda imkoniyatlar, nuroniy otaxon va onaxonlarga qilinayotgan gʼamxoʼrlik, mahallalarning yil sayin ortib borayotgani, xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyada ham mahallaga bildirilayotgan yuksak ishonch va yangi vakolatlar xususida soʼz yuritildi.

T.Narbaeva “Chamanzor” MFY aholisi bilan birga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan “Onalar bogʼi”dagi koʼchat ekish ishlarida faol ishtirok etdi.

Shundan soʼng tumandagi tadbirkorlik subʼektlari, oilaviy korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Ularga bugun davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida tushuntirishlar berdi. Biznes vakillari faoliyatini rivojlantirishda toʼsiq boʼlayotgan muammoli masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berilib, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar nazoratga olindi. 

Bundan tashqari, Senat Raisi tumanning Yangier MFYda istiqomat qiluvchi nuroniylar bilan uchrashdi hamda ijtimoiy himoyaga muxtoj oilalar xonadoniga tashrif buyurdi. Jumladan, G.Toirova xonadonida boʼlib, holidan xabar olindi. Maʼlum boʼlishicha, ayol oʼz uyi boʼlmagani bois, 4 farzandi bilan ijarada yashab kelgan. Oʼz navbatida T.Narbaeva tuman hokimining eʼtiborini mazkur masalaga qaratdi. Ayol hududdagi, yangi taʼmirlangan ijtimoiy uylardan biriga joylashtiriladigan boʼldi.

Soʼngra T.Narbayeva Yangier shahrining Davlatobod mahalla fuqarolar yigʼinida boʼlib MFYning yangi qurib bitkazilgan binosidagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, u yerda “Davlatobod”, “Yuksalish”, “Shodiyona”, “Maʼrifat” mahallalari raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari hamda profilaktika inspektorlari bilan muloqot qildi. 

Suhbat chogʼida mahallalar faoliyatini yanada jadallashtirish, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar bilan manzilli ish olib borish, davlat rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga kiritilgan fuqarolar muammolarini toʼliq hal yetish, oila turmush darajasida xotin-qizlarga boʼlayotgan zoʼrvonliklarning oldini olish, ajrim masalalari, ayollar jinoyatchiligini kamaytirish borasida uning oqibatlari emas, aksincha sabablari bilan kurashish, profilaktik tadbirlarni jadallashtirish, ularga toʼgʼri yoʼl koʼrsatish kerakligi taʼkidlandi.

Shuningdek, referendumga qoʼyilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida ham yoshlar va xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash, inson huquq va erkinliklarini sezilarli darajada kengaytirish, gender tenglik masalalari, mahallaga yangi vakolatlar beruvchi normalar kiritilganiga eʼtibor qaratilib, 30 aprelda boʼladigan referendum barcha uchun muhim siyosiy tadbir ekani aytib oʼtildi.

Shu bilan birga Senat Raisi Yangier shahridagi “Eco Grand Fruits” gidroponika issiqxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. U yerda bugun respublikamizda tadbirkorlar har tomonlama qoʼllab-quvvatlanayotgani, ishchilarga munosib mehnat sharoitini yaratish va mehnatga haq toʼlash borasidagi ishlarga toʼxtaldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, adolatli soliq tizimini yoʼlga qoʼyish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom maʼnoda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilayotganini alohida qayd etib oʼtdi.

Mazkur issiqxona 10 gektar maydonni egallagan boʼlib, yillik 2,5 million dollarlik pomidor mahsulotini yetishtirib, 70 foizini tashqi bozorga, 30 foizini ichki bozorga yetkazib bermoqda. Ayni vaqtda korxonada 150 nafarga yaqin Yangier shahri va Xovos tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar doimiy ish bilan taʼminlangan. 

Bundan tashqari, T.Narbaeva Guliston shahridagi Monomarkaz, Guliston davlat universiteti, dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan farm korxonada ham boʼldi. U yerda zamonaviy kasblarga oʼqitilayotgan aholi vakillari, talaba yoshlar, ishchi xodimlar bilan suhbatlashib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatini, xususan, davlat oʼz zimmasiga ulkan ijtimoiy masʼuliyatlarni olayotganini, Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilganini, ular nimalardan iborat ekanini xalqona, sodda tilda tushuntirdi. Shu yilning 30 aprelь kuni boʼlib oʼtadigan referendumda faol ishtirok etib, oʼzlari hamda farzandlarining taqdiriga befarq boʼlmaslikka chaqirdi. 

Shuningdek, tashrif doirasida Senat Raisi viloyat hokimligida mahalliy Kengashlar deputatlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan normalarga muvofiq Senatga berilayotgan yangi vakolatlar, xususan, uning mahalliy Kengashlarga koʼmaklashish boʼyicha vakolati Konstitutsiyada mustahkamlab qoʼyilayotgani alohida taʼkidlab oʼtildi. 

Bundan tashqari, mahalliy darajada hokimiyatlar boʼlinishi printsipini amalga oshirish, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi boʼlishi qayd etildi.