Ushbu Konvensiya 2006-yil 31-mayda XMT Bosh konferensiyasining 95-sessiyasida qabul qilinganligi taʼkidlandi. Konvensiyaning asosiy maqsadi – ishlab chiqarishda jarohat olish, kasb kasalliklariga chalinish va inson oʻlimining oldini olish uchun mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirib borishdir.

Taʼkidlanganidek, XMT Konvensiyasi ustuvor konvensiyalardan biri hisoblanadi, Konvensiyaga muvofiq milliy qonunchilikda ish beruvchilar va ishchilarning eng nufuzli tashkilotlari bilan kelishgan holda milliy siyosat, milliy tizim va milliy dasturni ishlab chiqish orqali kasb kasalligiga chalinish, ishlab chiqarishda jarohat olish va inson oʻlimining oldini olish maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy takomillashtirishga koʻmaklashish nazarda tutilmoqda.

Muhokama doirasida senatorlar Oʻzbekistonda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga rioya etish holati, ushbu yoʻnalishdagi asosiy muammoli jihatlar toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, XMTning 187-sonli Konvensiyasini 49 ta davlat, shu jumladan bir qator MDH davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganligi qayd etildi.

Bunda majlis doirasida Konvensiyaning aksariyat normalari va qoidalari milliy qonunchilikka tatbiq etilganligi alohida taʼkidlandi.

Senatorlarning fikricha, XMTning 187-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi xalqaro standartlarni samarali tatbiq etishga koʻmaklashishini, ishchilar uchun qoʻshimcha kafolatlar yaratishini, shuningdek, Oʻzbekistonning mehnatkashlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha asosiy xalqaro prinsiplar va standartlarga sodiqligini koʻrsatadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.